Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) 1-may holatiga ko‘ra, grossmeysterlarning yangi reytingini e’lon qildi. O‘zbekistondagi yagona ayol grossmeyster Nafisa Mo‘minova yangi reytingda 128-pog‘onadan joy olgan. Bu haqda “Olamsport” xabar berdi.

Nafisa Mo‘minova Xanti-Mansiyskdagi FIDE Gran-Prisida. Foto: flickr.com

Nafisa Mo‘minova Xanti-Mansiyskdagi FIDE Gran-Prisida. Foto: flickr.com

O‘tgan oyda Nafisa Rossiyaning Xanti-Mansiysk shahrida o‘tkazilgan FIDE Gran-prisida nisbatan muvaffaqiyatli ishtirok etgan edi. Nafisa Mo‘minova Osiyoda 29-pog‘onani egallab turibdi.

Dunyo ayol shaxmatchilari reytingida hamon vengriyalik Yudit Polgar yetakchilik qilmoqda. Kuchli beshlikdan Xou Ifan (Xitoy), Xampi Koneru (Hindiston), Anna Muzichuk (Slovakiya) hamda Nana Dzaganidze (Gruziya) joy olgan.

Shuningdek, o‘smir va qizlar reytingida ham o‘zbekistonlik shaxmatchilarni uchratish mumkin. Jumladan, o‘g‘il bolalar o‘rtasida eng yuqori ko‘rsatkich Jahongir Vohidovga tegishli. 2471 ochkoga ega bo‘lib turgan Jahongir 58-o‘rinni egallab turibdi.

2207 ochkoga ega Sarvinoz Qurbonboyeva qiz bolalar o‘rtasidagi dunyo reytingida 42, Gulruhbegim Toxirjonova esa 97-o‘rinni band etgan.

Eslatib o‘tamiz, ushbu reytingda o‘zbekistonlik xalqaro grossmeyster, 17-jahon chempioni Rustam Qosimjonov avvalgi reytingiga nisbatan to‘qqiz pog‘ona yuqorilab, 46-o‘rinni egallagan edi.