“Al Jaish” klubi Osiyo Chempionlar ligasi guruh bosqichi so‘nggi turida “Bunyodkor”ga qarshi kechgan uchrashuv borasida Osiyo Futbol Konfederatsiyasiga shikoyat xati yozgan. Uff.uz’ning xabar berishicha, shikoyatga sabab sifatida OChL bahslarida “Bunyodkor” tarkibida maydonga tushgan Anvar G‘ofurov pley off bosqichida “Lokomotiv” tarkibida ham to‘p surgani ko‘rsatilgan. “Al Jaish” shu sabab bilan “qaldirg‘ochlar”ni musobaqadan chetlatishni talab qilgan.

Foto: vectorfans.com

Foto: vectorfans.com

OFK bu borada yakuniy qarorni bugun, 2-may kuni qabul qilishi kutilmoqda. Uff.uz’ning ma’lum qilishicha, OFK bu borada “Bunyodkor” foydasiga qaror chiqarishi deyarli aniq. Klub OChL reglamentiga muvofiq ish ko‘rgan. Boz ustiga OFK tomonidan Anvar G‘ofurovning OChLda ishtirok etishi uchun ruxsat berilgan.

Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tish lozim, o‘tgan vaqt davomida OFK OChL nimchorak finalida “Bunyodkor” va “Al Hilol” o‘rtasida kechadigan o‘yin tashkilotchiligi borasida to‘liq ish olib bordi va uchrashuvga deyarli hamma narsa tayyor qilib qo‘yilgan. Bugun bu uchrashuv taqdiri borasida rasmiy xabar berilishi kutilmoqda.