Qatarning “Al-Jaish” klubi Osiyo Futbol Konfederatsiyasiga rasmiy shikoyat yozib, “Bunyodkor” klubini OChL—2014 musobaqalaridan chetlatishni so‘ragan edi. Aynan shu masala yuzasidan bugun OFKning tartib-intizom qo‘mitasi yig‘ilish o‘tkazdi. Unda “Al-Jaish” e’tirozi o‘rinsiz deb topildi va “Bunyodkor” musobaqani davom ettirishi ma’lum qilindi. Bu haqda “Bunyodkor” sayti xabar berdi.

Foto: fcbunyodkor.com

Foto: fcbunyodkor.com

OFKning “Bunyodkor” klubiga yuborgan rasmiy xatida vaziyatga quyidagicha izoh berilgan:

“Bunyodkor” futbol klubi Osiyo Chempionlar ligasida muntazam ravishda ishtirok etibgina qolmasdan, musobaqaning guruh bosqichini muntazam ravishda muvaffaqiyatli bosib o‘tayotgan yagona klub hisoblanadi. Qit’amizning yetakchi klubi bu safar ham o‘z an’anasini davom ettirib, nimchorak finalga yo‘llanma oldi.

Osiyo Futbol Konfederatsiyasining tartib-intizom qo‘mitasi o‘z majburiyatiga ko‘ra “Al-Jaish” e’tirozini ko‘rib chiqdi. Yig‘ilishda ma’lum bo‘lishicha, “Bunyodkor” futbol klubi Osiyo Chempionlar ligasi reglamentining 35-E punktiga to‘la amal qilgan holda, musobaqa uchun hech qanday muammosiz ro‘yxat topshirgan. Futbolchi Anvar G‘ofurov bir vaqtning o‘zida ikkita jamoada ro‘yxatdan o‘tmaganligi aniqlandi va “Al-Jaish”ning e’tirozi o‘rinsiz, deb topildi.

“Bunyodkor” 1/8 final doirasidagi ilk uchrashuvini o‘z maydonida Saudiya Arabistonining “Al-Hilol” klubiga qarshi o‘tkazadi. Jamoaning navbatdagi o‘yinlarida omad va zafarlar tilaymiz.

Eslatib o‘tamiz, qatarliklar saralash bahslarida “Lokomotiv” safida to‘p tepgan himoyachi Anvar G‘ofurovni turnirning guruh bosqichida “Bunyodkor” jamoasi uchun o‘ynayotganini xato deb ko‘rsatishgan edi.