Braziliyadagi jahon chempionatida qatnashadigan milliy terma tarkibiga kiritilmagan angliyalik himoyachi Eshli Koul milliy jamoadagi karyerasini tugatishga qaror qildi. Bu haqda futbolchi o‘zining Twitter’dagi sahifasida ma’lum qildi.

3729291

Foto: itar-tass.com

33 yoshli Koul terma tarkibida 107 ta musobaqada ishtirok etdi, biroq murabbiy Roy Xojson tarkibni yoshartirishga qaror qilgan va JCh-2014’ga boradigan 23 nafar nomzodni rasman e’lon qilishdan avval futbolchiga qo‘ng‘iroq qilib, uning Braziliyaga bormasligini xabar qilgan. Uning o‘rniga jahon birinchiligiga “Sautgempton”dan 18 yoshli Lyuk Shou jo‘naydi.

“Roy menga qo‘ng‘iroq qilib, o‘z qarorini ma’lum qildi. Men termamizni yoshartirish vaqti kelgani haqidagi fikrga qo‘shilaman, — dedi o‘yinchi. — Yaxshisi, men termadan hozir ketaman. Bizning jamoa ham, murabbiy ham juda yaxshi, ularga omad tilayman. Endi men ular haqida muxlis sifatida qayg”uraman. Ishoning, bunday qarorni qabul qilish menga oson bo‘lmadi”.

Eshli Koul Angliya termasi tarkibida 2001-yildan buyon o‘ynab kelgan.