Samarqandda tennis bo‘yicha o‘tkazilayotgan ATP-Challenger turkumiga kiruvchi xalqaro turnirning yakkalik bahslarida hal qiluvchi final uchrashuvida kortga chiqadigan tennischilar nomi ma’lum bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Farrux Do‘stov. Foto: O‘zA

Farrux Do‘stov. Foto: O‘zA

Bosh sovrin uchun kechadigan bahsda o‘zbekistonlik Farrux Do‘stov kurash olib boradi.

Yarim final uchrashuvida Boi Vesterxof (Gollandiya)ni 6:4, 6:1 hisobida yenggan Farrux finalda rossiyalik Aslan Karatsev bilan bahs yuritadigan bo‘ldi.

Aslan Karatsev yarim finalda Gerald Melser (Avstriya)ni 6:4, 6:4 hisobida mag‘lub etdi.

Bundan tashqari, ushbu xalqaro turnirning juftliklar musobaqasida zafarli odimlab kelayotgan hamyurtlarimiz Shonig‘mat Shofayziyev va Vaja Uzoqov dueti yarim finalda Olive Sharon (Fransiya)/ Filipp Pelivo (Kanada) juftligini 4:6, 6:4, 11:9 hisobida mag‘lub etib, finalga chiqdi. Hal qiluvchi bahsda yurtdoshlarimiz belaruslik Sergey Betov va Aleksandr Buri juftligi bilan bahs yuritadi.