Rossiya bosh vaziri mansabdor shaxslarga ijtimoiy tarmoqlarni yopish haqida e’lon qilishdan avval o‘ylab ko‘rishni maslahat berdi. Bu haqda u o‘zining Facebook’dagi sahifasida yozdi.

Dmitriy Medvedev. Foto: uk.co

Dmitriy Medvedev. Foto: uk.co

Avvalroq Rossiya nazorat qo‘mitasi (Aloqa, axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiya sohasida nazorat bo‘yicha federal xizmat) rahbari o‘rinbosari Maksim Ksenzov mamlakatda Twitter va Facebook’ni yopib qo‘yishlari mumkinligi haqida bayonot bergan edi. “Ijtimoiy tarmoqlarni bloklab qo‘yishda hech qanday riskni ko‘rmayapman”, — degan edi u.

Medvedev esa unga javoban, ijtimoiy tarmoqlarning faol foydalanuvchisi sifatida Rossiya qonunchiligiga tarmoqlar ham, foydalanuvchilar ham rioya qilishi kerak, deb hisoblashini bildirdi. “Biroq soha taraqqiyotiga javobgar bo‘lgan ba’zi mansabdor shaxslar vaqti-vaqti bilan kallasini ishlatishi va ijtimoiy tarmoqlar yopilishi haqida e’lon qiluvchi intervyularni bermasligi kerak”, — deb yozdi u.

Ksenzov intervyularida Rossiyada “ertagayoq” Facebook va Twitter’ni yopishga tayyorligini bildirgan edi.