“Ekspress-AM4R” yo‘ldoshini olib ketayotgan “Proton-M” eltuvchi raketasi startdan 9 daqiqa o‘tib yerga qulab tushdi. Bunga ajralishning ikkinchi va uchinchi bosqichlari oralig‘ida dvigatellarning o‘chib qolishi sabab bo‘ldi. Bu haqda “ITAR-TASS” xabar berdi.

3733552

Arxiv. Foto: itar-tass.com

Boyqo‘ng‘ir kosmodromidan 16-mayga o‘tar kechasi raketa o‘z vaqtida uchirilgan, biroq parvozning 540-soniyasida qurilma bilan aloqa uzilib qolgan. “RIA Novosti” yozishicha, halokat parvozning 545-soniyasida “Ekspress-AM4R” yo‘ldoshining “Briz-M” tezlatuvchi blokidan ajralishiga 40 soniya qolganida ro‘y bergan.

“Proton-M” bo‘laklari Qozog‘istondan tashqariga, rejalashtirilmagan hududga tushgani taxmin qilinmoqda.

“Briz-M” tezlatuvchi blokida qolgan yoqilg‘i tushish vaqtida atmosferada yonib ketgan, bunga raketaning 150 kilometr balandlikka chiqib ulgurgani qulaylik yaratgan.

Favqulodda holat sabablari maxsus tuzilgan komissiya tomonidan aniqlashtiriladi.