Sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlar Shimoliy Koreyada ikkita eng yangi harbiy kemalar paydo bo‘lganini ko‘rsatdi. Ular bu mamlakatda so‘nggi 25 yilda qurilgan eng yirik kemalar bo‘ldi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar berdi.

953522134

Foto: ria.ru

Shimoliy Koreyaning ushbu ikki fregati fotosuratlari 2013-yil dekabridan 2014-yil yanvarigacha bo‘lgan davrda olingan. Unda kemalardan biri Nampxo portida, boshqasi Najin portidagi verfda to‘xtab turganini ko‘rish mumkin. Shu bilan birga, Shimoliy Koreya suv usti floti Tinch okeani mintaqasida eng kuchsizlaridan biri sifatida baholanadi.

38 North internet-portali mutaxassislarining ta’kidlashicha, KXDRning yangi harbiy kemalari vertolyot maydonchalari va raketa majmualari bilan jihozlangan.

Shimoliy Koreya qurollanishi bo‘yicha AQShlik mutaxassis Jozef Bermudes ushbu harbiy kemalarning paydo bo‘lishi KXDRni kuchli harbiy-dengiz mamlakatiga aylantirmasligini aytdi. “Jiddiy nizo yuzaga kelgan taqdirda AQSh va Janubiy Koreyaning birlashgan harbiy dengiz va harbiy havo kuchlari hech qiyinchiliksiz ularning kemalarini cho‘ktirib yuboradi”, — dedi u.