AQShning Texas shtati politsiyasi o‘zini 15 yoshli maktab o‘quvchisi deb ko‘rsatgan 31 yoshli Cheriti Jonson ismli ayolni qamab qo‘ydi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Charity-Johnson-mugshot-550x372

Foto: sandrarose.com

2013-yil oktabrida ayol o‘zini Cherite Stivens ismli yetim qizcha deb tanishtirgan holda New Life Christian School maktabiga o‘qishga kiradi va sakkiz oy darsga qatnaydi.

Maktab ma’muriyatiga, uni asrab olib, zo‘ravonlik o‘tkazgan oiladan qochib kelganini aytadi. Avvalgi ta’lim joylari haqidagi hujjatlarning yo‘qligini bungacha faqat uyda o‘qitilgani bilan izohlaydi. Hali voyaga yetmagani uchun, “o‘smir qiz”dan hech kim hujjat talab qilmaydi.

Shahardagi Tamika Linkoln ismli ayol uni o‘z himoyasi ostiga oladi. Jonsonni boqib, kiyim-kechaklar olib beradi va hatto “qizaloq”ning sochlarini o‘rib qo‘yadi.

Qizning tarjimai holidagi qaysidir qism vasiy ayolda shubha uyg‘otadi va uni politsiyaga murojaat qilishga undaydi. Tekshiruvlar Cherite Stivensning aslida kim ekanligini fosh qiladi.

Jonson hibsga olindi, unga o‘z shaxsi haqida yolg‘on ma’lumot taqdim etganlik ayblovi qo‘yildi. Unga aynan qanday jazo qo‘llanilishi noma’lum.