2014-yilning 20—25-may kunlari Toshkent shahrida badiiy gimnastika bo‘yicha Jahon kubogi bosqichi va Happy Caravan xalqaro turniri o‘tkaziladi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: mn.ru

Foto: mn.ru

Xalqaro Gimnastika federatsiyasi homiyligida o‘tkaziladigan Jahon kubogi bahslarida O‘zbekiston, Xitoy, Janubiy Koreya, AQSh, Chexiya, JAR, Malayziya, Meksika, Rossiya, Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Vyetnam, Isroil, Hindiston, Italiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Latviya va Yaponiyadan kelgan jami 79 nafar sportchi g‘oliblik uchun kurash olib boradi.

Jahon kubogi bosqichida O‘zbekiston terma jamoasi jamoaviy mashqlarda, Jamila Raxmatova va Yelizaveta Nazarenkova esa shaxsiy hisobda Vatanimiz sharafini himoya qiladi. Shuningdek, yana to‘rt nafar gimnastikachi konkursdan tashqari musobaqada ishtirok etadi.

O‘z navbatida har yili an’anaviy tarzda o‘tkaziladigan Happy Caravan xalqaro turnirida O‘zbekiston, Xitoy, AQSh, Rossiya, Chexiya, Latviya, Ozarbayjon va Qozog‘iston davlatidan kelgan 40 nafardan ziyod sportchi g‘oliblik uchun kurash olib boradi.

Mazkur musobaqaning jamoaviy mashqlarida O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi a’zolari ishtirok etsa, shaxsiy hisobda Anora Davlatova, Nilufar Shomurodova va Jasmin Yusupova O‘zbekiston sharafini himoya qiladi.