O‘zbekistonda mamlakat sanoatini 2015—2020-yillarda rivojlantirish dasturi ishlab chiqilmoqda. Bu haqda Anhor.uz’ning xabar berishicha, O‘zbekiston iqtisodiyot vaziri birinchi o‘rinbosari Botir Xo‘jayev Toshkentda bo‘lib o‘tgan xalqaro sarmoyaviy-moliyaviy forumda ma’lum qilgan.

GM Uzbekistan Powertrain korxonasi. Foto: skyscraperpage.com

GM Uzbekistan Powertrain korxonasi. Foto: skyscraperpage.com

“Sanoatni rivojlantirish bo‘yicha o‘rta muddatga mo‘ljallangan dastur vazirlik mutaxassislari ishtirokida ishlab chiqilmoqda, u O‘zbekiston iqtisodiyotidagi sanoat ulushining sezilarli o‘sishini ko‘zda tutadi”, — dedi Xo‘jayev.

“Noviy vek” gazetasining yozishicha, dasturning umumiy qiymati 50 milliard dollargacha yetishi mumkin. 2013-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston YaIMidagi sanoat ulushi 24,2 foizni tashkil etgan bo‘lsa, ushbu dasturning amalga oshirilishi natijasida ulush miqdori 35 foizgacha ko‘payadi.

“Kun” ma’lumotlariga ko‘ra, avvalroq, 2011—2015-yillarda O‘zbekiston sanoat sohasida umumiy qiymati 30,1 milliard dollarga teng bo‘lgan 260 loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilayotgani ma’lum qilingan edi. Dasturning amalga oshirilishi natijasida YaIM tuzilmasidagi sanoat ulushini 23,9 foizdan 28 foizgacha oshirish ko‘zda tutilgan.