Rossiya tashqi ishlar vazirligi G‘arbiy Ural mashinasozlik konserni prezidenti Aleksandr Pozdeyevga nisbatan O‘zbekistonda qo‘zg‘atilgan jinoiy ish yuzasidan izoh bildirdi. Bu haqda Rossiya Federatsiyasining Toshkentdagi elchixonasi tarqatgan ma’lumotga tayanib, Gazeta.uz xabar berdi.

s5z6Xh13582621540173_b

Rossiya TIV binosi. Foto: gazeta.uz

“Rossiya TIV Aleksandr Pozdeyev Toshkentda hibsga olinganidan buyon ushbu hodisa bilan bog‘liq vaziyatni diqqat bilan kuzatmoqda, – deyiladi vazirlik bayonotida. – Hodisa Rossiya biznes jamoatchiligi e’tiboridan chetda qolmadi. Ular bunday voqealar Rossiya-O‘zbekiston savdo-iqtisodiy hamkorligiga jiddiy zarar yetkazadi, deb hisoblaydi”.

Rossiya elchixonasi Aleksandr Pozdeyevni konsullik tashrifi bilan ziyorat qilish haqida o‘zbek tomoniga murojaat qildi, biroq ularning so‘rovi hozircha qondirilgani yo‘q.

“Kelib tushayotgan ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkent shahar sudining 19-maydagi majlisida qamoqda saqlash chorasini hech qayoqqa chiqib ketmaslik to‘g‘risidagi tilxat bilan almashtirish haqida Pozdeyevning advokatlari tomonidan berilgan apellyatsiya shikoyati ko‘rib chiqilmagan. Ushbu shikoyatga Rossiya elchixonasining O‘zbekiston Respublikasi TIVga tegishli murojaati ham ilova qilingan edi”, – deya ta’kidlanadi xabarda.

RF tashqi ishlar vazirligi o‘z bayonotini Pozdeyev ishi atrofida shakllangan vaziyat yuzasidan xavotir bildirib: “Adliya organlari konstruktiv hamkorlikka tayyor bo‘lmagani sababli turli gap-so‘zlar paydo bo‘lmoqda, ular Rossiya Federatsiyasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi yuqori darajadagi strategik sheriklikka soya soladi”, – deya yakunladi.