O‘zbek xalqining buyuk adibi Abdulla Qodiriy tavalludining joriy yil 120 yilligi nishonlanmoqda. Toshkent Fotosuratlar uyida tashkil etilgan “Abdulla Qodiriy Toshkenti” nomli badiiy ko‘rgazmadan adib hayoti aks ettirilgan bolalik, yetuklik pallasi bilan birga, yozuvchining qatog‘on davridagi qora kunlarini o‘zida jamlagan suratlar o‘rin olgan. Bu haqda “Turkiston press” xabar berdi.

“Abdulla Qodiriy Toshkenti” nomli badiiy ko‘rgazmada. Foto: turkistonpress.uz

“Abdulla Qodiriy Toshkenti” nomli badiiy ko‘rgazmada. Foto: turkistonpress.uz

— Bugungi ko‘rgazma o‘zbekning ulkan adibi Abdulla Qodiriy tavalludiga 120 yil to‘lishi munosabati bilan tashkil etildi, — deydi tadbir ishtirokchisi adabiyotshunos olim, filologiya fanlari doktori Naim Karimov. — Bunday tadbirlar, anjumanlar shu yilning 10-aprelidan buyon Qodiriyning xonadonida, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida va yana ko‘plab maskanlarda uyushtirib kelinmoqda. Mazkur ko‘rgazmada adibning madrasada o‘qib yurgan chog‘laridan noshirlik faoliyatigacha, asarlarini yaratish jarayoni, umuman, uning XX asr 40-yillarigacha bo‘lgan mazmunli, biroq fojiali qismati tomoshabin ko‘z o‘ngiga havola etildi. Rustam Sharipov, Abdug‘ani Jumayevlardek zamonaviy o‘zbek fotosuratchilari bilan birga Qodiriy hayoti va asarlariga bag‘ishlangan illyustratsiyalar, Alisher Mirzayevning turkum grafik rasmlari adibning xalqimizga, ayniqsa, yoshlarga yaqinlashtirishga, uning ijodini o‘rganishga ko‘maklashishi shubhasiz.

“Abdulla Qodiriy Toshkenti” nomli badiiy ko‘rgazmada. Foto: turkistonpress.uz

“Abdulla Qodiriy Toshkenti” nomli badiiy ko‘rgazmada. Foto: turkistonpress.uz

— Men bobomning mana shunday e’tirofga munosib ko‘rilayotganligidan juda g‘ururlanaman, — deydi Xondamir Qodiriy. — Bunday fotoko‘rgazma birinchi marta o‘tkazilayotgan bo‘lib, shu mavzuda ilmiy konferensiyalar tashkil etilmoqda. Yaqinda otam Habibulla Qodiriyning “So‘nmagan chiroqlar” va bobomning uchta asarini birlashtirgan saylanmasi “Sharq” nashriyot-matbaa aksionerlik kompaniyasi tomonidan chop etildi.

Fotoko‘rgazmada Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomchilik va dizayn instituti talabalarining yozuvchi hayotiga bag‘ishlab ishlangan tasviriy san’at asarlari ham namoyish etildi.

Ko‘rgazma 31-mayga qadar davom etadi.