Oq uy Markaziy razvedka boshqarmasining Afg‘onistondagi rezidenturasi (tashqi razvedka organining chet eldagi muassasasi) boshlig‘ining ism-sharifini tasodifan oshkor etib qo‘ydi. U jurnalistlarga tarqatilgan AQSh prezidenti Barak Obama bilan bo‘ladigan brifing ishtirokchilari ro‘yxatiga tushib qoldi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar berdi.

1005796905

Foto: ria.ru

Gap shundaki Barak Obama Afg‘onistondagi AQSh harbiy-havo kuchlari bazasiga tashrif buyurib, brifing o‘tkazdi va u yerdagilarni AQSh harbiy xizmatchilari xotirasiga bag‘ishlangan milliy bayram bilan tabrikladi.

Brifing qatnashchilari ro‘yxatiga kiritilgan 15 nafar amerikalik xizmatchilar ichida rezidentura boshlig‘i ham bo‘lib, uni harbiylar Oq uy matbuot xizmatiga taqdim etgan. U yerdagilar esa ro‘xatni Obama bilan birga Afg‘onistonga jo‘nagan jurnalistlarga elektron pochta orqali yuborgan. Washington Post jurnalisti esa uni boshqa minglab jurnalistlarga tarqatgan.

O‘z xatosi haqida xabar topgach, Oq uy boshqa yangilangan ro‘yxatni taqdim etgan, unda MRB rezidenturasi boshlig‘i istisno qilingan. Oq uy iltimosiga binoan nashrlar ushbu mansabdor shaxsning ismini oshkor qilmagan. Hodisadan so‘ng agent lavozimdan olinadimi, yo‘qmi noma’lum.