Toshkent metropolitenti bekatlariga tijoriy tashqi reklama joylashtirish ishlari boshlandi. Ayni vaqtda, metropoliten vagonlarida reklamalar yo‘q, deb yozadi “Kun”.

“Kosmonavtlar” bekati (arxiv). Foto: tourblogger.ru

“Kosmonavtlar” bekati (arxiv). Foto: tourblogger.ru

Xususan, metropoliten “Chilonzor” yo‘lining “Paxtakor” bekatidan “O‘zbekiston” yo‘lining “Alisher Navoiy” bekatiga o‘tish joyidagi ichi yoritiladigan ustunlarga tijoriy reklama bannerlari joylashtirilgan.

Bir hafta avval bir qism ustunlarga Hydrolife va Geomineral ichimlik suvlarining reklama bannerlari joylashtirilgan bo‘lsa, 25-mayga o‘tar kechasi bo‘sh qolgan boshqa ustunlarga Dena sharbatlarining reklamasi joylashtirilayotgan edi.

Qayd etish joiz, 2011-yil aprelidan boshlab Toshkent metropolitenidan barcha reklama bannerlari va e’lonlari olib tashlangan, ularning o‘rniga yo‘lovchilarni ogohlik va hushyorlikka chaqiruvchi shiorlar o‘rnatib chiqilgan edi.

2013-yil noyabrida Toshkent metropolitenini qo‘riqlash bo‘yicha batalyoni boshlig‘i, podpolkovnik Ruslan Irnazarov ushbu holatga izoh berib, reklamalar yo‘lovchilarning diqqatini chalg‘itishini aytib o‘tgan edi.

“Yo‘lovchi reklamaga qarab turib, yon-atrofida kimdir qoldirib ketgan sumkani ko‘rmasligi yoki boshqa yo‘lovchilarning o‘zini g‘alati tutayotganiga e’tibor bermasligi mumkin. Shuning uchun fuqarolarni ogohlikka, hushyorlikka chaqirish, ularning xavfsizligi ko‘p hollarda o‘zlariga bog‘liqligini eslatish maqsadida metrolarda reklamalar olib tashlandi”, — deydi podpolkovnik.