Abxaziya prezidenti Aleksandr Ankvab respublika hukumatini iste’foga chiqardi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar berdi.

312041772

Foto: mn.ru

Muxolifat Suxumdagi hukumat rezidensiyasi yonida mitinglar uyushtirishda davom etmoqda. Suxum shahar majlisi raisi Konstantin Piliyaning aytishicha, vazirlar mahkamasi iste’fosi haqidagi yakuniy hujjatni hech kim ko‘rmagan.

Mamlakat prezidenti abxaz televideniyesiga bergan intervyusida respublikada so‘nggi vaqtlarda bo‘lib o‘tgan voqealarni davlat to‘ntarishi uyushtirishga urinish deb atadi. U shuningdek, kuch idoralari muxolifat Suxumdagi prezident qarorgohini egallab olmoqchi bo‘lganidan keyin yuzaga kelgan vaziyatni barqarorlashtirish uchun zarur barcha choralarni ko‘rayotganini ta’kidladi.

27-may kuni Suxum markazida hukumat, bosh prokuror va Abxaziyaning sharqiy tumanlari rahbarlari iste’foga chiqishini talab qilayotgan muxolifat namoyishlari bo‘lib o‘tgan.

Prezident bilan muzokaralar samarasiz yakunlangach, Abxaziyaning Xalq birdamligi forumi muxolifat partiyasi raisi Raul Xajimba muxolifat partiyalar va harakatlar Muvofiqlashtiruvchi kengashi “barcha zarur tuzilmalarni shakllantirish bilan shug‘ullanuvchi muvaqqat rahbariyat vazifasini o‘z bo‘yniga olish” haqida qaror qabul qilgani to‘g‘risida bayonot bergan.