Abxaziya Xavfsizlik kengashi kotibi Nugzar Ashuba republikada sodir bo‘layotgan voqealarni davlat to‘ntarilishiga urinish deb atadi. Bu haqda “ITAR-TASS” xabar berdi.

3745433

Foto: itar-tass.com

“Hukumat, bosh prokuror va Abxaziyaning sharqiy tumanlari rahbarlari iste’foga chiqishini talab qilayotgan muxolifat yetakchilari bilan muzokaralar chog‘ida kelishuvga deyarli erishilgan edi, — dedi u. — Biroq muxolifat tarafdorlarining prezident ma’muriyatini egallab olishga urinishi natijasida kelishuv chippakka chiqdi”.

Ashubaning aytishicha, shundan so‘ng “prezident hech kimni iste’foga chiqarmagan, o‘zi ham iste’fo bermagan”.

Prezident bilan muzokaralar samarasiz yakunlangach, Abxaziyaning Xalq birdamligi forumi muxolifat partiyasi raisi Raul Xajimba muxolifat partiyalar va harakatlar Muvofiqlashtiruvchi kengashi “barcha zarur tuzilmalarni shakllantirish bilan shug‘ullanuvchi muvaqqat rahbariyat vazifasini o‘z bo‘yniga olish” haqida qaror qabul qilgani to‘g‘risida bayonot bergan.

Aprel oxirida Abxaziya muxolifat partiyalari muvofiqlashtiruvchi kengashi va jamoatchilik tashkilotlari vakillari prezidentdan vazirlar mahkamasini iste’foga chiqarish, bir oy ichida prezident vakolatlarining bir qismini parlament va respublika hukumatiga o‘tkazish haqida konstitutsiyaga o‘zgartish kiritishni, shuningdek bosh prokuror va bir nechta tumanlar rahbarlarini ishdan bo‘shatishni talab qilgan.

Ularga javoban prezident “ultimatum tarzidagi bunday talablar nojoiz va samarasiz” ekanini ta’kidlagan.