AQSh prezidenti Barak Obama seshanba kuni ma’lum qilishicha, Afg‘onistondagi Amerika qo‘shinlari soni 2014-yildan so‘ng  9800 nafarni tashkil qiladi. 2015-yil davomida guruh tarkibining taxminan yarmi Afg‘onistonni tark etadi. Bu haqda Interfax xabar berdi.

obama700

Barak Obama Afg‘onistondagi AQSh askarlari qarshisida nutq so‘zlamoqda. Foto: Reuters

“2016-yilda AQShning Afg‘onistondagi vakolatxonasi Qobuldagi elchixona bilan cheklanadi, unga soqchilik bo‘linmasi biriktiriladi, — dedi Obama. — 2014-yil Afg‘oniston uchun keskin burilish yasaydi va ushbu mamlakatdagi AQSh operatsiyasi yakunlanishi bilan tarixda qoladi”.

Ta’kidlash joiz, Afg‘onistonning yangi hukumati xavfsizlikni ta’minlash haqida bitimni imzolasagina, qo‘shinlar olib chiqib ketiladi.

Ayni paytda Afg‘onistonda 32 ming nafar amerikalik harbiy xizmatchilar bor. Ularning soni yil oxirida AQSh va NATO harbiy operatsiyalarni rasman tugatganidan so‘ng o‘zgaradi. Bunda ko‘p narsa yangi hukumatning xavfsizlikni ta’minlash haqidagi bitimni imzolash-imzolamasligiga bog‘liq.

Eslatib o‘tamiz, Afg‘onistonning amaldagi prezidenti Hamid Karzay Barak Obama bilan xavfsizlik to‘g‘risida bitim imzolashdan bosh tortgan edi.