AQSh Milliy xavfsizlik agentligi (MXA) sobiq xodimi Edvard Snouden o‘zining MXA uchun oddiy tizim administratori bo‘lib ishlagani haqida AQSh hukumati bergan ma’lumotni rad etdi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar berdi.

972626731

Foto: ria.ru

Amerika televideniyesiga bergan ilk intervyusida Snouden uni josus sifatida o‘qitishganini, chet elda soxta nom ostida yashab, soxta faoliyat olib borganini ma’lum qildi.

Snouden 2013-yilda Amerika maxsus xizmatining ommaviy kuzatuv dasturini fosh qildi, natijada xalqaro mojaro kelib chiqdi. Shundan so‘ng AQSh hukumati vakillari uning MXA va Markaziy razvedka boshqarmasi bilan hamkorlik qilgan firmalarda oddiy tizim administratori bo‘lib ishlagani haqida xabar tarqatdi.

Snouden so‘zlariga ko‘ra esa, u texnik mutaxassis bo‘lib, Amerika hukumati uchun xizmat qilgan, kontrrazvedka (dushman josuslariga qarshi kurash olib boruvchi tashkilot) akademiyasida dars bergan hamda MXA va MRB operatsiyalarida ishtirok etgan.