Eron sudi Facebook asoschisi Mark Sukerbergni uning kompaniyasiga tegishli bo‘lgan Instagram va WhatsApp dasturlari foydalanuvchilarining shaxsiy hayotiga aralashganlik haqidagi ishni eshitish uchun chaqirdi. Bu haqda Interfax xabar berdi. Sud shuningdek, mamlakat hududida har ikkala dasturni yopib qo‘yish haqida qaror chiqardi.

700ir

Foto: Reuters

Associated Press’ning ta’kidlashicha, Sukerberg Eron sudiga borishi amri mahol, chunki Tehron va Vashington o‘rtasida ekstraditsiya (davlatlar o‘rtasida jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘yicha hamkorlik) to‘g‘risida bitim mavjud emas.

O‘tgan hafta Eron sudi mamlakatda Instagram ijtimoiy tarmog‘ini yopib qo‘yish haqida qaror chiqargan, biroq seshanba kuni u faoliyat ko‘rsatayotgan edi.

May oyida WhatsApp ommabop messenjerining yopilishi haqida xabarlar tarqagan, biroq rasmiy Tehron ularni tezda rad etgan.

Mamlakat hukumati internet-makon va ijtimoiy tarmoqlarni filtrlash bilan faol shug‘ullanadi. 2009-yildan eronliklar uchun Twitter, Facebook va YouTube yopib qo‘yilgan.