Amerikaning CNN telekanali o‘zining iReport portaliga joylangan, 2041-yil martida Yerga bahaybat asteroid kelib urilishi haqidagi maqolani o‘chirib tashladi. U Marcus 575 niki ostidagi foydalanuvchi tomonidan e’lon qilingan bo‘lib, bir sutka ichida 250 ming marta o‘qilgan. Bu haqda “RIA Novosti” xabar berdi.

983683966

Foto: ria.ru

Maqolada aytilishicha, Manxetten (AQShning Nyu-York shahridagi okrug) kattaligidagi asteroid sayyoramizga katta tezlikda yaqinlashib kelmoqda. Bugungi kunda osmon jismi Yerdan 51 million kilometr masofada joylashgan. Muallif qolgan tafsilotlardan xabar topishi bilan ularni e’lon qilishga va’da bergan.

Keyinroq xabar portaldan o‘chirildi, uning o‘rniga NASA ushbu ma’lumotni rad etgani haqida CNN bayonoti paydo bo‘ldi.

CNN ta’kidlashicha, iReport telekanal va uning sayti auditoriyasi uchun mo‘ljallangan o‘ziga xos ijtimoiy tarmoq ko‘rinishidagi manbadir. U yerda yangiliklarga qiziqadigan foydalanuvchilar “ularni butun dunyo bilan bo‘lishadi”. Foydalanuvchilar joylagan materiallar esa tahrirlanmaydi.