O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi tomonidan poytaxtning G‘afur G‘ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida “Kasaba uyushmalari – bolalarga” deb nomlangan ijtimoiy aksiya o‘tkazildi. Unda soha mutaxassislari, pedagoglar, tarbiyachilar, mehribonlik va muruvvat uylari tarbiyalanuvchilari ishtirok etdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Foto: O‘zA

Foto: O‘zA

“Kasaba uyushmalari – bolalarga” ijtimoiy aksiyasida kam ta’minlangan, alohida ehtiyojli bolalar, mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, maxsus maktab-internatlar o‘quvchilari qamrab olindi. Tadbirda mehribonlik uylarining tarbiyalanuvchilariga, kam ta’minlangan oilalar farzandlariga, iqtidorli o‘g‘il-qizlarga sog‘lomlashtirish oromgohlariga bepul yo‘llanmalar, muruvvat va mehribonlik uylariga kompyuter jamlanmalari topshirildi.

– Muassasamizda 3 yoshdan 11 yoshgacha bo‘lgan bolalar tarbiyalanmoqda, – deydi Olmazor tumanidagi 24-mehribonlik uyi direktori Baxtiyor Qo‘chqorov. – Yozgi mavsumda bolajonlarni oromgohlarga to‘liq qamrab olishga harakat qilyapmiz. Bu ularning salomatligini mustahkamlash, o‘qishga bo‘lgan qiziqishi va intilishini yanada kuchaytirishda muhim omildir. Bugungi aksiyada o‘g‘il-qizlarni Bo‘stonliq tumanidagi “Yoshlik” oromgohida sog‘lomlashtirish uchun yo‘llanmalar oldik.

Mazkur aksiya O‘zbekistonning turli hududlaridagi bolalarni qamrab olgani bilan ahamiyatlidir. Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan 560 bola uchun Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlariga sayohatlar tashkil etildi. 7 ming o‘g‘il-qiz muzeylar, Respublika qo‘g‘irchoq teatri, madaniyat va istirohat bog‘larida maroqli hordiq chiqardi. Madaniyat muassasalarida faoliyat yuritayotgan bolalar jamoalari ishtirokida “Istiqlol g‘unchalari” ko‘rik-tanlovining hududiy bosqichlari o‘tkazildi.

1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni arafasida tizim tarkibidagi barcha sanatoriylar, sihatgohlarda “Bolalar xonasi”, maxsus maydonchalar barpo etilib, foydalanishga topshirildi.