21—30-may kunlari “Toshshahartransxizmat” kompaniyasi tizimidagi korxonalarning haydovchilari ishtirokida uchta yo‘l-transport hodisasi sodir etildi. Bu haqda “Poytaxt transporti” gazetasiga tayanib “Kun” xabar bermoqda.

Toshkentdagi Mercedes-Benz Conecto Low Floor avtobusi. Foto: uztransport.uz

Toshkentdagi Mercedes-Benz Conecto Low Floor avtobusi. Foto: uztransport.uz

22-may, payshanba kuni taxminan soat 14:00 da “3-avtobus saroyi” haydovchisi Mercedes-Benz Conecto Low Floor rusumli, saroy raqami 209-bo‘lgan avtobusini 82-yo‘nalishda Keles yo‘li ko‘chasi bo‘ylab boshqarib borayotib, “Premium” kafesi qarshisidagi bekatda to‘xtab turganida motoroller avtobus orqasidan kelib urilgan. Natijada motoroller haydovchisi tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan.

22-may, payshanba kuni soat 14:15 da “4-avtobus saroyi” haydovchisi Mercedes-Benz Conecto Low Floor rusumli, saroy raqami 353-bo‘lgan avtobusni 57-yo‘nalishda Afrosiyob ko‘chasi bo‘ylab Sharof Rashidov ko‘chasi tomonga boshqarib borayotib, chorrahadan o‘tayotganida haydovchining to‘satdan salomatligi yomonlashib, xushidan ketishi natijasida boshqaruvni yo‘qotgan. Shundan so‘ng avtobus to‘g‘ri yo‘nalish bo‘yicha harakatlanib, O‘zbekiston IIV hududini o‘rab turgan panjaraga kelib urilgan. Natijada avtobus haydovchisi va yo‘lovchilari tan jarohatlari olib, ularga shifoxonada tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

22-may, payshanba kuni soat 16:30 da “7-avtokorxona” haydovchisi Isuzu rusumli, saroy raqami 446-bo‘lgan avtobusni Kichik halqa yo‘li bo‘ylab boshqarib borayotib, Bunyodkor ko‘chasi bilan kesishgan chorrahada piyodani urib yuborgan. Natijada piyoda tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan.

Kompaniya tizimidagi korxonalar haydovchilari tomonidan hafta davomida 61 marotaba yo‘l harakati qoidalari buzilishiga yo‘l qo‘yilgan. Jumladan, bitta ishdan keyin transport vositasini belgilanmagan joyda saqlash, beshta yo‘l belgilari va chiziqlariga rioya qilmaslik holati, beshta tezlikni me’yoridan oshirish holati, beshta qo‘l telefonidan foydalanish holati, ikkita odam tashish qoidasini buzish, 22 ta piyodalar o‘tish joyidan yurish, uchta qizil chiroqda harakatlanish va 18 ta boshqa qoidabuzarlik sodir etilgan.