Poytaxtdagi “O‘zekspomarkaz”da agrosanoat kompleksi uchun minitexnologiyalar va ixcham asbob-uskunalarning Uzbekistan Agrominitech Expo—2014 IX xalqaro ixtisoslashtirilgan ko‘rgazma-savdosi hamda qishloq xo‘jaligi texnikasi, mashinalari va asbob-uskunalarining Uzbekistan Agrotechmash Expo—2014 III xalqaro ixtisoslashtirilgan ko‘rgazmasi ochildi. Bu haqda O‘zA xabar beradi.

Foto: O‘zA

Foto: O‘zA

Ko‘rgazmalar O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Savdo-sanoat palatasi va Fermerlar kengashi tomonidan tashkil etildi.

Uzbekistan Agrominitech Expo—2014 ko‘rgazma-savdosida Xitoy, Janubiy Koreya, AQSh, Fransiya, Germaniya, Ispaniya, Eron, Italiya, Yaponiya, Niderlandiya, Rossiya, Turkiya kabi 26 davlatdan 150 dan ziyod kompaniya ishtirok etmoqda.

Foto: O‘zA

Foto: O‘zA

Germaniya, Fransiya va Xitoy ishlab chiqaruvchilari meva-sabzavotni tozalaydigan va kesadigan uskunalar, poliz mahsulotlari sifatini aniqlaydigan o‘lchov moslamalari, turli muzlatgich agregatlari, vakuumli to‘ldirgichlarni taqdim etmoqda.

O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan, fermer xo‘jaliklari uchun zarur ELDOSH EL 150-1 uch g‘ildirakli yuk mototsikli va avtotirkamalar ko‘rgazma ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Foto: O‘zA

Foto: O‘zA

Ko‘rgazmalarda “O‘zsanoatmashimpeks” davlat aksiyadorlik kompaniyasi tarkibiga kiradigan korxonalar ham ishtirok etmoqda. Kompaniya yurtimizda ishlab chiqariladigan sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish bilan shug‘ullanadi. Uning yillik tovar aylanmasi qariyb 900 million AQSh dollarini tashkil qiladi, dunyoning qirqdan ortiq mamlakatida savdo operatsiyalarini amalga oshirmoqda.

“Livadiya-Buxoro” xususiy korxonasi stendida keng turdagi quruq mevalarni qayta ishlash uskunalari namoyish etilayotir. Korxona xodimlari meva-sabzavot, dorivor o‘simliklar, shuningdek, go‘sht, baliq, parranda va makaron mahsulotlarini quritish uskunalarini ishlab chiqib, patent olgan. Korxona mahsulotlari MDH, Yevropa, Osiyo va Amerika mamlakatlarida o‘z xaridorlariga ega bo‘lmoqda.

Foto: O‘zA

Foto: O‘zA

Uzbekistan Agrotechmash Expo—2014 xalqaro ko‘rgazmasida o‘n mamlakatdan qishloq xo‘jaligi texnika va asbob-uskunalari ishlab chiqaradigan yigirmadan ziyod yetakchi kompaniya, shuningdek, milliy korxonalar – “Toshkent traktor zavodi”, “Agregat zavodi” va “Chirchiqqishloqmash” ochiq aksiyadorlik jamiyatlari, tijorat banklari va lizing kompaniyalari ishtirok etmoqda.

Foto: O‘zA

Foto: O‘zA

“Toshkent traktor zavodi” universal “TTZ 80.10” va “TTZ 80.11” traktorlarini, “MX-1,8” paxta terish mashinalarini, traktor va tirkamalarni namoyish etmoqda. “Agregat zavodi” keng turdagi seyalka, o‘roq mashinalar, mineral o‘g‘it sepgichlar, kultivator, qishloq xo‘jaligi mashinalari uchun butlovchi va ehtiyot qismlarni taklif qilmoqda.

Ko‘rgazmada Doosan, Daichi, Deadong (Janubiy Koreya), Case, New Holland (AQSh), CLAAS, Lemken, MAN (Germaniya) va dunyoga mashhur boshqa yetakchi kompaniyalarning 50 dan ortiq texnika turlari namoyish etilmoqda.

Foto: O‘zA

Foto: O‘zA

Xalqaro ko‘rgazmalar doirasida zamonaviy xorijiy texnologiyalar taqdimoti, fermerlar uchun seminar va uchrashuvlar o‘tkaziladi.