O‘zMTRK “Sport” telekanalining reklama-savdo bo‘limidan xabar berishlaricha, Braziliyada o‘tkaziladigan futbol bo‘yicha Jahon chempionati o‘yinlarini jamoat joylari (restoran, kafe, bar va h.k.)da translyatsiya qilish narxi aniqlandi. Musobaqalarni Toshkentda namoyish etish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki kursi bo‘yicha 1000 dollarni va mamlakatning boshqa hududlarida efirga uzatish huquqi 500 dollarni tashkil etadi.

Foto: telegraf.com.ua

Foto: telegraf.com.ua

Musobaqalarni jamoat joylarida namoyish etishni mo‘ljallayotgan tashkilotlar O‘zMTRK bilan shartnoma tuzishi kerak bo‘ladi. O‘yinlarni shartnoma tuzmasdan taqdim etadigan tashkilotlarga nisbatan ushbu vaziyatni nazorat qiladigan muassasalar tomonidan jarima solinadi.

O‘zMTRKdagi manbamiz ma’lumotlariga ko‘ra, o‘yinlarni “Sport”, “Yoshlar” va UzHD telekanallari translyatsiya qilishi rejalashtirilgan. UzDigitalTV’da ma’lum qilishlaricha, ushbu tashkilot O‘zMTRK namoyish etadigan o‘yinlarni olib beradi.

Avvalroq, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Sport” telekanali 2014-yili Braziliyada o‘tkaziladigan futbol bo‘yicha jahon chempionati musobaqalarini translyatsiya qilish huquqini sotib olgani haqida xabar berilgan edi.