Rossiya Futbol ittifoqi hakamlik korpusining sobiq rahbari Sergey Husaynov “R-Sport” nashriga bergan intervyusida Braziliyadagi jahon chempionatida yuqori darajadagi hakamlikka guvoh bo‘layotganini ta’kidladi.

ermtv

Ravshan Ermatov Xorvatiya — Meksika o‘yinida. Foto: Getty Images

“Jahon chempionatlarida anchadan buyon bunday yaxshi darajadagi hakamlik kuzatilmagan edi”, — dedi u.

Husaynov angliyalik Xovard Uebb va Ravshan Ermatovni mundialning ayni paytdagi ikki nafar eng yaxshi arbitri sifatida tilga oldi. “Uebb katta tajribaga ega. U o‘ta yuqori darajadagi Angliya ligasida toblangan”, — dedi u.

Ekspert Ermatovga ta’rif berar ekan, uning avval O‘zbekiston termasida o‘ynagani, shu tufayli futbolni yaxshi tushunishini ta’kidladi. “U hakamlikda yo‘nalishni tez aniqlab olishda hech qanday muammoga duch kelmaydi”, — deya qayd etdi u.

Sergey Husaynov Braziliyadagi jahon chempionatining final o‘yinini Ravshan Ermatov yoki Xovard Uebb boshqarishi kerak, degan fikrni qo‘llab-quvvatladi. “Aynan ular ikkalasi final uchrashuvda ishlaydi ham, menimcha, — dedi u. — Hammasi Braziliya — Germaniya o‘yini natijasiga bog‘liq. Agar germaniyaliklar yutsa, Ermatovga eshiklar ochiladi, aksincha bo‘lsa, Uebb hakamlik qiladi”.