Angliyaning janubi-g‘arbidagi Kornuoll grafligida dengizga cho‘kayotgan 18 yoshli yigit Facebook’ka joylagan SOS-xabari tufayli omon qoldi. Bu haqda Daily Mirror nashri ma’lum qildi.

Kornuolldagi Mevagissey qirg‘og‘i. Foto: mirror.co.uk

Kornuolldagi Mevagissey qirg‘og‘i. Foto: mirror.co.uk

Yigitning qayig‘i suvga ag‘darilib ketganda, uning mobil telefonining quvvati kam bo‘lgan. Yigit darrov “Xavf ostida” degan so‘zlarni yozib, Facebook’ka joylagan. Bu vaqtda “onlayn” bo‘lgan yigitning do‘sti tezlikda uning onasiga qo‘ng‘iroq qilgan.

Ayol qirg‘oqbo‘yi qutqaruv xizmatiga telefon qilib, baxtsiz hodisadan ogoh etadi va qutqaruv ishlari amalga oshirilishini talab qiladi.

Qutqaruvchilar yigitni ikki soatdan so‘ng sohilga olib chiqishga muvaffaq bo‘ldi va shifoxonaga olib bordi. Shifokorlar uzoq vaqt mobaynida 15—16 darajali suvda bo‘lganiga qaramay, yigitning hayotiga hech narsa xavf solmayotgani haqida xabar berdi.

Qutqaruvchilarning aytishicha, internetga ulanishda yigitning omadi kelgan, negaki dengiz tugul qirg‘oqbo‘yida ham aloqa yaxshi emas. Bu haqda Kornuoll grafligida vaqt o‘tkazishni yoqtiradigan Buyuk Britaniya bosh vaziri Devid Kemeron ham tez-tez shikoyat qilib turadi.