14-iyul kuni Isroilning havo mudofaa tizimi G‘azo sektori tomonidan yo‘nalgan birinchi uchuvchisiz samolyotni urib tushirdi. Bu haqda NBC News xabar berdi.

G‘azo sektori. Foto: timesofisrael.com

G‘azo sektori. Foto: timesofisrael.com

Isroil mudofaa armiyasi axborot xizmatining so‘zlariga ko‘ra, uchuvchisiz apparat Tel-Avivdan 30 kilometr uzoqlikdagi Ashdod shahri yaqinida Patriot raketasi bilan urib tushirilgan. Hozirda harbiylar moslamaning qoldiqlarini qidirmoqda.

Ma’lum qilinishicha, falastinliklar uchuvchisiz samolyotlardan ilk bor foydalangan. HAMAS vakillari guruhning harbiy qanotida yana bir nechta uchuvchisiz samolyotlar borligi va ular Isroil hududida maxsus missiya o‘tkazishi mumkinligini aytmoqda.

14-iyulga o‘tar kechasi Isroil qurolli kuchlari G‘azo sektoriga qarata bir necha bor zarba berdi. Falastin sog‘liqni saqlash vazirligi bergan ma’lumotga ko‘ra, hujum natijasida 160 dan ortiq tinch aholi halok bo‘lgan. Bunga javoban, G’azo sektoridan Isroilga qarata mingdan ortiq raketa uchirildi. Jabrlanganlar qayd etilmadi.

Eslatib o‘tamiz, otishmalar iyul boshida yahudiylar diniy maktabidan o‘g‘irlangan uch isroillikning o‘ldirilganidan buyon davom etmoqda.