14-iyul kuni Buxarest sudi Gollandiya muzeyidan mashhur rassomlar — Pikasso va Matissning suratlarini o‘g‘irlagan to‘rt kishidan 18,1 million yevro (taxminan 25 million dollar) undirish haqida hukm chiqardi. Bu haqda France-Presse agentligiga tayanib, “RIA Novosti” xabar berdi.

Anri Matissning “O‘qiyotgan qiz” surati. Foto: ria.ru

Anri Matissning “O‘qiyotgan qiz” surati. Foto: ria.ru

O‘g‘rilik 2012-yil oktabr oyida Rotterdam shahridagi “Kyunstxal” muzeyida sodir bo‘lgan. Jinoyatchilar ispaniyalik Pablo Pikassoning “Arlekin boshi”, fransiyalik rassomlar Anri Matissning “O‘qiyotgan qiz”, Klod Monening “Vaterloo ko‘prigi” va “Charing-Kross ko‘prigi”, Pol Gogenning “Ochiq deraza oldidagi ayol”, gollandiyalik Meyer de Xanning “Avtoportret” va britaniyalik rassom Lyusyen Freydning “Ko‘zlari yumuq ayol” suratlarini o‘g‘irlagan.

Hozirga qadar rasmlarning hech biri topilmadi. Dushanba kuni sud sug‘urtachilarning shikoyatidan kelib chiqib, o‘g‘rilikni amalga oshirgan to‘rt asosiy shaxs — Rad Dogar, uning onasi Olga, Yeujen Dariye va Andrian Prokopdan 18,1 million yevro undirish haqida hukm chiqardi.

Jinoyatchilarning advokati yo‘qolgan ishlar uchun javobgarlikka muzey tortilishi lozimligini ta’kidlab, suratlarning qalbaki bo‘lishi mumkinligini aytdi.