Turkiya bosh vaziri Rajab Tayip Erdo‘g‘on AQSh prezidenti Barak Oabama bilan boshqa gaplashmasligini bildirdi. U Suriya va G‘azo sektoridagi vaziyatlar yuzasidan paydo bo‘lgan kelishmovchilik tufayli Amerika yetakchisi bilan telefonda suhbatlashishdan voz kechdi. So‘nggi paytlarda Vashington va Anqara o‘rtasida ushbu masalalar bo‘yicha ziddiyat kuchayib ketdi, deb yozadi Vesti.ru.

Obama meets with Erdogan in the Oval Office at the White House in Washington

Foto: usasabah.com

Turkiya Suriya prezidenti Bashar Asadga nisbatan qattiqqo‘llik bilan munosabatda bo‘lib, suriyalik jangarilarni qo‘llab-quvvatlamoqda. AQShning Suriyadagi nizolarga harbiy aralashuvdan bosh tortganini turk hukumati “xoinlik” deb baholadi.

Shuningdek, Erdo‘g‘on AQSh Isroilga ko‘mak berayotganini tanqid qildi va G‘azo sektorida falastinliklar o‘ldirilayotganini “genosid” deb atadi.

“Avvallari to‘g‘ridan-to‘g‘ri Obamaga murojaat qilar edim. Biroq Suriya bo‘yicha kutgan natijalarimni ko‘rmayotganim uchun, endi u bilan tashqi ishlar vaziri muzokaralar olib boradi”, — dedi Erdo‘g‘on Turkiyaning ATV telekanaliga bergan intervyusida.

Erdo‘g‘on va Obama o‘rtasidagi so‘nggi telefon suhbati 20-fevral kuni bo‘lib o‘tgan. Uning aytishicha, Amerika vitse-prezidenti Jo Bayden bilan aloqani uzgani yo‘q va tez-tez telefonlashib turadi.