Checheniston rahbari Ramzan Qodirov AQSh prezidenti Barak Obamaning Shimoliy Kavkaz respublikasiga kirishini taqiqlab qo‘ydi. Bu haqda uning Instagram’dagi xabariga asoslanib, RBK xabar berdi.

Ramzan Qodirov. Foto: vmdaily.ru

Ramzan Qodirov. Foto: vmdaily.ru

27-iyuldan boshlab Chechenistonga kirishi taqiqlangan kishilar ro‘yxatidan, Obamadan tashqari, Yevrokomissiya raisi Joze Manuel Barrozu, Yevroittifoq rahbari Xerman Van Rompyoy, Ittifoqning xalqaro munosabatlar bo‘yicha oliy vakili Ketrin Eshton hamda Yevroparlament raisi Martin Shuls ham joy olgan.

Shuningdek, Ramzan Qodirov ro‘yxatda qayd etilgan shaxslarning Chechenistondagi bank hisoblari va aktivlarini muzlatib qo‘yishga buyruq bergan.

U bunday harakatni “Butun dunyo Liviya, Suriya, Iroq, Afg‘oniston va so‘nggi vaqtlarda Ukrainadagi voqealarning ham guvohi bo‘ldi. Bu mamlakatlarga demokratiya olib kirishdek ko‘rinayotgan jarayonlarda tinch aholi, ayollar, keksalar, bolalar o‘ldirilmoqda, shaharlar, diniy muqaddas qadamjolar xarobaga aylantirilmoqda. Bularning barchasiga to‘g‘ridan to‘g‘ri AQSh va Yevroittifoq javobgardir. Ularning rahbarlari amalga oshirayotgan harakat xalq va mamlakatlarga qarshi yo‘naltirilgan davlat miqyosidagi terrorizmdir”, — degan so‘zlar bilan izohladi.

Ma’lumot uchun, Qodirovning o‘zi Yevropa Ittifoqining so‘nggi sanksiyalar ro‘yxatidan 14 nafar mansabdor shaxs hamda 18 ta kompaniya va tashkilot bilan birga joy olgan.