Yaponiya 26-iyul, shanba kuni Shimoliy Koreyaning sharqiy qirg‘oqbo‘yida kichik masofali ballistik raketalarni sinovdan o‘tkazgani uchun Pxenyanga nisbatan rasmiy e’tiroz bildirdi. Bu haqda ayni damda Lotin Amerika davlatlarida safarda bo‘lgan Yaponiya Bosh vaziri Sindzo Abening axborotiga tayanib, “ITAR-TASS” xabar berdi.

Janubiy Koreyadagi KXDRning ballistik raketa uchirishiga qarshi qaratilgan namoyish. Foto: itar-tass.com

Janubiy Koreyadagi KXDRning ballistik raketa uchirishiga qarshi qaratilgan namoyish. Foto: itar-tass.com

Janubiy Koreya qurolli kuchlari shtablari rahbarlari birlashgan qo‘mitasining ma’lum qilishicha, ballistik raketalar 21:40 (Toshkent vaqti bilan 17:40)da uchirilgan. Taxminlarga ko‘ra, sinovdan o‘tkazilgan raketalar “Skad” turida bo‘lib, uzoqligi 500—600 kilometrni tashkil etgan.

Sindzo Abe KXDRning yadroviy va raketa dasturlari iqtisodiyotning tiklanishi bilan to‘g‘ri kelmasligini tushunib yetishi kerakligini, shuningdek, bu harakatlar BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyasini buzish ekanligini ta’kidlab o‘tdi.

Qo‘mitaning qayd etishicha, Pxenyan raketalarni  uchirishdan avval Yapon dengizidagi hech bir zonani parvoz va kemachilik uchun yopiq deb e’lon qilmagan.

Bundan avval KXDRning rasmiy OAVlari milliy bayram — 1950—1953-yillardagi ikki Koreya urushida erishilgan G‘alaba kuni munosabati bilan o‘quv raketalari uchirilgani va unda mamlakat yetakchisi Kim Chen In ham ishtirok etgani haqida xabar qilgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil boshidan beri KXDR kichik masofali ballistik raketalarni jami 15 marotaba sinovdan o‘tkazdi.