Rossiya liberal-demokratik partiyasi (RLDP) yetakchisi Vladimir Jirinovskiy Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga yangi oliy hukmdor mansabini taklif qildi. Mazkur g‘oyani Jirinovskiy Yaltadagi Duma deputatlarining RF Prezidenti bilan bo‘lgan uchrashuvida ilgari surdi, deb xabar bermoqda “Dojd” telekanali o‘zining Twitter’dagi sahifasida.

Vladimir Putin va Vladimir Jirinovskiy. Foto: Dmitriy Azarov / “Kommersat”

Vladimir Putin va Vladimir Jirinovskiy. Foto: Dmitriy Azarov / “Kommersant”

“ITAR-TASS” agentligining ma’lum qilishicha, RLDP yetakchisi yana bir qancha taklif, jumladan, Rossiyaning uch rangli bayrog‘ini qora, sariq va oq rangli imperiya bayrog‘iga, milliy madhiyani esa “Boje, sarya xrani” (“Xudo, podshohni asra”) qo‘shig‘iga o‘zgartirish tashabbusi bilan chiqdi.

Shuningdek, u boshqa mamlakatlarni Rossiya salohiyati bilan qo‘rqitishga olib keladigan harbiy g‘oyalari haqida ham aytgan.

“Dojd” telekanali Jirinovskiyning yana bir qancha takliflarini qayd etdi. Xususan, RLDP yangi targ‘ibot vaziri lavozimini ishlab chiqishni taklif qilgan. Bundan tashqari, u mahbuslarni Lugansk va Donetskni himoya qilishlari uchun ozod etish tarafdori ekanini ma’lum qilgan.

Vladimir Jirinovskiyning ko‘plab taklifi tinglovchilar kulgusi bilan qarshi olindi.

Uchrashuvdan so‘ng, Vladimir Putin “Vladimir Volfovich tomonidan aytilgan barcha taklif — uning shaxsiy fikri va Rossiya Federatsiyasining rasmiy pozitsiyasi bilan har doim ham mos tushmaydi, lekin ular chiroyli” — deb, mamlakatda “so‘z erkinligi” o‘rnatilgani bois RLDP yetakchisi ularni bemalol aytishi mumkinligini qayd etdi.