Microsoft kompaniyasining asoschisi Bill Geyts ham Sharko (mushak falaji) kasalligi bilan og‘riganlar uchun pul yig‘ish hayriya kampaniyasi doirasida o‘z ustidan muzdek suv quyib yubordi. Bu haqda Mashable ma’lumotiga asoslanib “Parol” nashri xabar berdi.

Foto: Today.com

Foto: Today.com

Avvalroq Facebook asoschisi Mark Sukerberg xuddi shunday qilgani va yana uch kishini bu ishni qilishga undagani haqida xabar bergan edik. Ular orasida Bill Geyts ham bor edi. Microsoft asoschisi ham aksiyaning to‘laqonli davomchisiga aylandi.

Aksiya qoidasiga ko‘ra, o‘z ustidan suv quyishga chaqirilgan kishi bu ishni qila olmasa Sharko kasalligiga qarshi kurash uchun hayriya qilishi zarur, yoki bir paytning o‘zida o‘z ustidan suv quyishi ham, hayriya ham qilishi mumkin. O‘z ustidan suv quyib yuborgan kishi esa 24 soat davomida xuddi shu ishni qilishga yana uch kishini undashi mumkin.

Bill Geyts esa o‘z ustidan muzdek suv quyishga Rayan Sikrest, Kris Anderson va Tesla kompaniyasining asoschisi Elon Masklarni undadi.

Hayriya kampaniyasining xabar berishicha, aksiya boshlangandan beri 9,5 million dollar hayriya to‘plangan.