Germaniyaning ADAC klubi avtomobil boshqarish paytida mobil telefondan Hands Free qurilmasisiz foydalanganlik uchun solinadigan jarima miqdori bo‘yicha Yevropa davlatlari reytingini e’lon qildi. Bu haqda Bibi.uz xabar berdi.

Foto: mail.ru

Foto: mail.ru

Ma’lum bo‘lishicha, bunday jarimalar miqdori turli davlatlarda turlicha bo‘lib, ba’zilarida ular bir-biridan keskin farq qiladi. Masalan, bunday qoidabuzarlik uchun Bosniya va Gersegovinada haydovchilar eng kam — atigi 10 yevro jarimaga tortiladi. Rulda telefondan foydalanganlik uchun katta bo‘lmagan jarimalar Latviya (15 yevro), Bolgariya, Malta, Serbiya va Turkiyada (25 yevrodan) ham kuzatiladi.

Rossiya va Litvada bunday qoidabuzarlik 30 yevroga tushadi.

Mashina boshqarish vaqtida telefonda so‘zlashganlik uchun eng katta jarima esa Niderlandiyada to‘lanadi — 230 yevro. Shuningdek, Daniya (200 yevro), Ispaniya (200 yevro), Italiya (160 yevro) va Norvegiya (160 yevro)da ham bunday qoidabuzarlik qimmatga tushadi.

O‘zining xavfsiz ko‘chalari bilan mashhur bo‘lgan Shvetsiyada esa rulda payti mobil telefondan foydalanganlik uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri jarima mavjud emas. Biroq haydovchi suhbat chog‘ida avariyaviy holatni yuzaga keltirsa, u javobgarlikka tortilib, 170 yevro to‘lashiga to‘g‘ri keladi.

Ta’kidlash joiz, ko‘pgina Yevropa davlatlarida bunday qoidabuzarlik uchun o‘rtacha 60 yevro jarima joriy qilingan.