Radar.uz loyihasi yo‘llardagi vaziyat yuzasidan ikkinchi monitoringni o‘tkazdi. Bu safargi o‘rganish ishlari “Qozog‘iston” kinoteatri yaqinidagi piyodalar o‘tish joyida olib borildi.

Foto: Radar.uz

Foto: Radar.uz

Radar.uz loyihasi ko‘ngillilari Toshkent shahri yo‘llaridagi vaziyat yuzasidan navbatdagi monitoringni o‘tkazdi. Monitoring ob’ekti sifatida Amir Temur ko‘chasining “Qozog‘iston” kinoteatri va Yunusobod tumani hokimligi oralig‘idagi qismida joylashgan piyodalar o‘tish joyi tanlandi.

Ushbu piyodalar o‘tish joyining o‘ylab tashkil qilinmagani va ayniqsa xavfli ekanligi haqida xulosa chiqarish uchun bir nigohning o‘zi yetarli (qarama-qarshi qatnov qismlari metall to‘siq bilan ajratib chiqilgan Amir Temur ko‘chasida esa bunday o‘tish joylari ko‘plab topiladi). Volontyorlar obyektda bir soat (18:00dan 19:00gacha) davomida o‘rganish olib borishdi. Natijalar quyidagicha bo‘ldi:

  • Yunusobod tomonga ketishda – 409 avtomobil piyodalarni qo‘yib yubormadi;
  • shahar markaziga ketishda – 180 avtomobil piyodalarni qo‘yib yubormadi.

“Marshrutka”lar piyodalar o‘tish joyida to‘xtamoqda. Foto: Radar.uz

“Marshrutka”lar piyodalar o‘tish joyida to‘xtamoqda. Foto: Radar.uz

Monitoringda ikki kishi ishtirok etib, ularning har biri harakatning alohida bir yo‘nalishini kuzatib bordi. Volontyorlar quyidagi asosiy vaziyatlarni qayd etib o‘tishdi:

  • Piyodalar o‘tish joyiga yaqin chorrahada Yunusobodga ketish yo‘nalishida svetoforning yashil chirog‘i yonganida mashinalarning katta oqimi keladi va piyodalarni deyarli qo‘yib yubormaydi;
  • Alohida holatlarda bitta, chapdagi eng oxirgi bo‘lakdagi avtomobil to‘xtab, piyodaga yo‘l berganida va piyoda yo‘lni kesib o‘tishni boshlaganida, qolgan bo‘laklardagi avtomobillar harakatni davom ettiraverdi. Bu holat piyodani yana ortga qaytib, yo‘l chetida turishga majbur qildi, to‘xtagan avtomobillar esa harakatni davom ettirishdi;
  • Yo‘l o‘rtasida to‘siqlar orasida turgan piyodalarni haydovchilar ko‘rishmayapti. Piyodalar qatnov qismiga chiqib, o‘zlarini ko‘rsatishga hayiqishadi, chunki mashinalar juda tez va to‘siqqa juda yaqin harakatlanishadi;
  • Yunusobod tomonga ketayotgan avtobuslar bevosita piyodalar o‘tish joyi ustida to‘xtaydi (fotoga qarang). Shu sabab piyodalar avtobusni aylanib o‘tgan holda piyodalar o‘tish joyiga chiqishi kerak. Bu holatda ham haydovchilar piyodalarni o‘tkazib yubormayapti;
  • Piyodalar ushbu o‘tish joyida o‘zlarini xavfsiz his qilishmaydi – avtomobillar piyodaga yo‘lni xotirjam kesib o‘tishga ham qo‘ymay, ba’zan piyodadan bir necha santimetr masofada turgani holda harakatni boshlaydi.

Avtobuslar piyodalar o‘tish joyida to‘xtamoqda. Foto: Radar.uz

Avtobuslar piyodalar o‘tish joyida to‘xtamoqda. Foto: Radar.uz

Xulosalar

Agar o‘quvchi ushbu ma’lumotlarni o‘qib, birinchi navbatda haydovchilarni madaniyatsizlikda va harakatning boshqa ishtirokchilariga nisbatan hurmatsizlikda ayblasa, buning hayron qolarli joyi yo‘q. Bu fikr bilan bahslashish qiyin. Biroq, keling, vaziyatga boshqa tomondan nazar tashlab ko‘ramiz.

Eng yuqori tezlik soatiga 70 kilometrgacha ruxsat berilgan yo‘lda haydovchi nima qiladi? To‘g‘ri – avtomobili harakatini aynan shu tezlikka olib chiqadi. Bunday tezlikda kelayotgan avtomobilning yo‘lidan kutilmaganda tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyi butun bir piyodalari bilan chiqib qolsa-chi (kunning qorong‘i vaqtida vaziyat yanada og‘irlashadi)? Yo harakatni davom ettirishi, yo keskin tormozlanishi kerak – bunda ba’zan xavfli vaziyatlar ham yuzaga keladi.

O‘z-o‘zidan, piyodalar o‘tish joylarini tashkil qilish masalasida yondashuvlarni qayta ko‘rib chiqish haqida o‘ylab ko‘rish kerak. Fikrimizcha, bir tomonga qatnov qismi to‘rtta harakatlanish bo‘lagidan iborat va haydovchiga tevarak-atrof ko‘rinishini cheklaydigan to‘siqlari bor ko‘chalarda “xavfsizlik orolchalari”siz tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joylarining bo‘lishi mumkin emas.

Yechimlar

Ko‘rsatilgan piyodalar o‘tish joyida (shuningdek, Amir Temur ko‘chasining barcha o‘tish joylarida, xususan, vaziyat shunga o‘xshash bo‘lgan Shahrisabz, Navoiy ko‘chalarida ham) xavfsizlikni oshirishga bir qator oddiy choralar yordam bergan bo‘lardi.

Piyodalar xavfsizligini bir necha bor oshirishi mumkin bo‘lgan eng samarali yechim – ishlash rejimi yaxshi o‘ylab chiqilgan va yo‘l o‘rtasida ham boshqaruv tugmalari bo‘lgan boshqariladigan svetoforlarni o‘rnatishdir.

Bundan tashqari, quyidagi choralarni ko‘rib chiqish kerak:

  • Haydovchilarni oldinda piyodalar o‘tish joyi borligidan ogohlantiruvchi belgini (1.20 belgisi)ni o‘rnatish;
  • “Piyodalar o‘tish joyi” (5.16.1 va 5.16.2 belgilari) belgilarini yanada ko‘rinarli holatga keltirish. Ko‘pincha o‘tish joyi haqida bitta belgidan boshqa hech narsa ogohlantirmaydi;
  • Piyodalar o‘tish joylarining yoritilishini yaxshilash. Bevosita piyodalar o‘tish joyi ustida qo‘shimcha chiroqlar o‘rnatish;
  • Yozuvli axboroti (masalan, “Diqqat, piyodalar!”, “Tezlikni kamaytir!” va h.k.) bo‘lgan qo‘shimcha yo‘l belgilarini o‘rnatish.

Qo‘shimcha muhokama, o‘rganish va hisob-kitoblarni talab qiladigan nisbatan jiddiy choralar:

  • Piyodalar o‘tish joyiga yaqinlashishda tezlikni cheklash (3.24 va 3.25 belgilari).
  • Bu kabi o‘tish joylari yaqinidagi metall to‘siq seksiyalarini piyodalarni uzoqdan ko‘rish imkonini beruvchi to‘siqlarga almashtirish.
  • Sig‘imli xavfsizlik orolchalari yoki maydonchalarini tashkil qilish (bunda xorij tajribasi foydali bo‘lishi mumkin).
  • Yo‘l qatnov qismidagi har bir harakatlanish bo‘lagiga yotiq chiziq belgilarini qo‘yish (masalan: “Sekin” yozuvi, “Piyodalar o‘tish joyi” belgisi, “Maksimal tezlik cheklangan” belgisi).