2015-yilda Toyota va Honda kompaniyalari vodorod dvigatelida harakatlanadigan avtomobillarni birinchi marta seriyali ishlab chiqarishga va’da berdi. Bu haqda Vesti.ru xabar bermoqda.

Foto: vesti.ru

Foto: vesti.ru

Vodorodda yuradigan transport texnologiyasi oddiy ichki yonish dvigatellaridan birinchi navbatda o‘zining ekologik tozaligi bilan farq qiladi. Bunda havoga chiqariladigan yagona chiqindi suv bug‘idir. Biroq tanqidchilar tabiiy gazdan vodorod olish chog‘ida issiqxona bug‘lari ajralib chiqishini, ular global isishni keltirib chiqarishini ta’kidlamoqda.

Stenford universiteti olimlari esa yaqin orada avtomobillarga quyiladigan vodorod zararsiz usulda olina boshlashini taxmin qilmoqda. Tadqiqotchilar “barmoqsimon” batareykalarda ishlaydigan arzon qurilmani ishlab chiqishdi, u suvni elektrolizlash, ya’ni uni vodorod va kislorodga parchalash yo‘li bilan tabiatga zarar yetkazmagan holda vodorod ishlab chiqaradi. Bunga o‘xshash boshqa generatorlardan farqli ravishda yangi qurilma elektrodlari qimmatbaho metallardan emas, oddiy temir va nikel aralashmasidan ishlangan.

“Bir necha o‘n yillardan buyon olimlar yuqori faollikka ega va uzoq yillar davomida xizmat qiladigan arzon elektr katalizatorlarni yaratishga urinmoqda, — dedi kimyo professori Xutsze Day. — Shuning uchun nikel asosidagi elektrodlar xuddi platina kabi samarali ekanligi haqidagi kashfiyotimiz kutilmagan hodisa bo‘ldi”.

Kelajakda bunday elektrodlar vodorod yoqilg‘isini ishlab chiqaruvchilarga bugungi kunda elektr energiyasiga sarflanayotgan milliardlab mablag‘larni tejab qolish imkonini beradi.

Ayni paytda ushbu uskuna mualliflari uning xizmat muddatini uzaytirishga harakat qilmoqda. Elektrodlar ancha mustahkam bo‘lsa-da, vaqt o‘tishi bilan parchalanadi. Joriy versiyada ular bor-yo‘g‘i bir necha kun davomida to‘xtovsiz ishlashi mumkin. Shu bilan birga, olimlar jarayonni yanada ekologik qilish uchun quyosh batareyalarida ishlaydigan vodorod generatorini yaratishni rejalashtirmoqda.

Nashrning qo‘shimcha qilishicha, qurilma yordamida vodoroddan tashqari, sanoatda muhim rol o‘ynovchi gazsimon xlor va natriy gidroksidi ham olish mumkin.