2015-yilda O‘zbekistonning Xalqaro tiklanuvchi energiya agentligiga (IRENA) a’zo bo‘lishi bilan bog‘liq ishlar o‘z nihoyasiga yetkaziladi. Bu haqda UzReport.uz axborotiga tayanib, “O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasi xabar beradi.

Foto: constructionreviewonline.com

Foto: constructionreviewonline.com

Shuningdek, yaqin vaqt ichida mamlakat parlamentida “Tiklanuvchan energiya manbalari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqiladi. Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi alternativ energiya resurslari bilan bog‘liq loyihalarni amalga oshirish uchun huquqiy asos bo‘ladi.

Ma’lumot o‘rnida shuni aytish kerakki, bugungi kunda dunyoning 100 dan ziyod mamlakatlari Xalqaro tiklanuvchi energiya agentligi a’zosi sanaladi. Agentlik ushbu davlatlarning energetik salohiyatini oshirish, tiklanuvchan energiya manbalari va texnologiyalarni rivojlantirishga ko‘maklashib kelmoqda.

IRENA o‘z faoliyatini barqaror rivojlanishni ta’minlash maqsadida tiklanuvchi energiya resurslarining barcha turlarini ommalashtirishga, xususan, bioenergiya, gidroenergiya, quyosh va shamol energiyasidan foydalanishni kengaytirish, energetik xavfsizlikni kuchaytirishga qaratgan. Agentlik, shuningdek, xalqaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, tajriba almashish uchun ham asosiy platforma sanaladi.

Ayni paytda, O‘zbekiston bilan birgalikda jami 36 mamlakat agentlik a’zolari safidan joy olish uchun tegishli tashkiliy ishlarni boshlagan.

Bugungi kunda O‘zbekiston hukumati tomonidan 2020-yilgacha Respublikaning issiqlik-energiya balansi ishlab chiqilmoqda. Shuningdek, 2030-yilgacha issiqlik-energiya balansining konsepsiyasini shakllantirish ham hukumat oldiga asosiy vazifa qilib qo‘yilgan. Belgilangan davrgacha mamlakatning umumiy energiya balansida tiklanuvchan energiya resurslari, xususan, gidroenergetika, quyosh va shamol generatsiyasining ulushini 10 foizdan 20 foizgacha, ko‘mir hissasini esa besh foizdan 15 foizgacha oshirish, shu bilan birga, gaz generatsiyasi ulushini 85 dan 65 foizga pasaytirish nazarda tutilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2030-yilgacha O‘zbekistonda energiya resurslariga talab 2013-yilga nisabatan 25,5 foizgacha oshadi va neft ekvivalenti hamda mamlakat yalpi ichki mahsulotining 8—8,5 foizga o‘sishi saqlanib qolingan sharoitda 43,5 million tonnani tashkil etadi.