O‘zbekistonlik FIFA referisi Ravshan Ermatov 3-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan Rossiya va Ozarbayjon terma jamoalari o‘rtasidagi o‘rtoqlik uchrashuvida hakamlik qildi. Uning Moskvaga tashrifidan unumli foydalangan “Sport-eksress” nashri muxbiri Ermatov bilan keng qamrovli suhbat uyushtirdi, deb xabar bermoqda Stadion.uz.
“10 yil avval kimdir menga Jahon chempionatida ishlashimni aytganida, men uni jinniga chiqarar edim”
— Ravshan Ermatov 37 yoshida Jahon chempionatlarining rekordchisiga aylanganini eshitganingizda, xayolingizga nimalar keldi
— 2003-yil ilk marta FIFA hakamlari qatoriga qo‘shilganimda, JChda ishtirok etishim mumkinligini tasavvur ham qila olmasdim. Agar o‘sha paytda kimdir menga JChga nomzod hakamlar qatoriga kiritilishim mumkinligini aytganida, men bu odam haqida “oz-moz yetishmas ekan” deb o‘ylagan bo‘lardim. Bunday orzum bor edi, ammo bu amalga oshmaydigan orzu bo‘lsa kerak, deb o‘ylardim. Jahon chempionatiga xuddi kosmosdek qarardim.
Braziliyada esa Gollandiya — Kosta-Rika o‘yinini boshqarish orqali rekordchiga aylanishimni bilmagandim. Ushbu o‘yinga tayinlanganim haqida e’lon qilishganida, yonimga Xorxe Larrionda (JChlarida sakkizta o‘yinni boshqargan urugvaylik hakam) yonimga keldi. Qo‘limni siqdi va quchoqlagancha “Ravshan, seni yangi rekord bilan tabriklayman”, — dedi. Qanday rekordligini so‘rasam, “Jahon chempionatlarida to‘qqizinchi o‘yinda hakamlik qilasan”, — deb javob berdi. Keyin hazil qildi: “Nima uchun mening rekordimni yangilading?” Men esa bunday statistikadan bexabar edim. Shundan keyin barcha tabriklashga tushib ketdi.
Lekin men darhol tayyorgarlikka katta e’tibor berdim. Boisi, oldinda mas’uliyatli o‘yin kutib turgandi va undagi xato har qanday rekordni yo‘qqa chiqarardi. Har ikkala jamoaning taktikasi va alohida futbolchilarning xatti-harakatlarini o‘rganib chiqdim.
— Masalan, qaysi futbolchilarni?
— Robbenni. O‘yindan oldin u bilan suhbatlashdim. Arenga “sen buyuk futbolchisan, barcha seni yaxshi ko‘radi va hurmat qiladi. Sen simulyatsiya bilan emas, o‘z dribling va gollaring bilan barchaga o‘rnak bo‘lishing kerak”, — deb aytdim. U esa: “Men hamisha simulyatsiya ishlatavermayman-ku!” — dedi. “Men ham hamisha deyotganim yo‘q, lekin biz sening o‘yinlaringni o‘rganib chiqdik va ba’zan simulyatsiya qilishingni ko‘rdik”, — dedim.
Bunday suhbatlarni jiddiy ohangda emas, do‘stona ohangda, tabassum bilan o‘tkazish kerak. Insonni xafa qilib qo‘yish kerak emas. Bu ham o‘yin nazoratining bir qismi. O‘yin davomida doimo unga yaqin bo‘lishga va to‘g‘ri joy tanlashga harakat qildim. Birinchi bo‘lim tugagandan keyin yonma-yon kiyinish xonasiga yo‘l oldim. Robbenning o‘zi yonimga keldi va kulib: “Bir-ikki vaziyatda simulyatsiya qilmoqchi bo‘lgandim, qarasam, yonimda turibsan. Tavakkal qilmadim”, — dedi. Aren yulduz futbolchi bo‘lsa-da, insoniyligiga gap yo‘q, u osmonlarda uchib yurmaydi.
Futbolchilar bilan ko‘p gaplashishga harakat qilaman. Muloqot bo‘lmasa, o‘zaro tushunish qiyin bo‘ladi. Biz esa barchamiz bir ishni qilayotganimizni tushunishimiz kerak. Nafaqat futbolchilar, balki hakamlar ham o‘yinning tomoshabopligini oshiradi. Biz o‘z qarorlarimiz bilan futbolchilarni jarohatlardan, qo‘polliklardan asrashimiz kerak.
— Bahorda Peledan intervyu olganimda, u hozirgi futbolchilar avvalgi o‘yinchilarga nisbatan hakamlar tomonidan qo‘polliklardan muhofaza qilinganini ta’kidlab o‘tdi.
— FIFA’ning birinchi raqamli talabi — o‘yinning tomoshabopligi va futbolchilarning sog‘ligini saqlash. Agar hakam futbolchilarning qo‘pollik ishlatishiga qo‘yib bersa, ular shunday qilishda davom etadi. Simulyatsiya ishlatishiga qo‘yib bersa, simulyatsiya ishlatadi.
— Eshitishimcha, Messi bilan yaxshi gaplasha olmagan ekansiz...
— JCh — 2010 chorak finali doirasida Argentina — Germaniya o‘yinida argentinaliklarning o‘yini qovushmadi (0:4). Nemislar o‘yin boshida gol urdi va raqib asabiylasha boshladi. Bunday paytda futbolchilar har bitta gol va vaziyat uchun hakamga e’tiroz bildira boshlaydi. Bunday holat Messida ham kuzatilgandi. Sobiq futbolchi sifatida futbol hissiyotlarga to‘la ekanini yaxshi bilaman. Bunday holatlarni yaxshi tushunaman. Qoidaga ko‘ra, har bir e’tiroz uchun futbolchiga sariq kartochka ko‘rsatish kerak. Lekin bu maqsadim emas. Eng asosiysi, maydonda shunday yo‘l tutish kerakki, har qanday saviyadagi futbolchi tushunsin: uning vazifasi o‘ynash va o‘z mahoratini ko‘rsatish, mening vazifam esa hakamlik qilish va qaror qabul qilish. Men buni Messiga ingliz tilida tushuntirishga harakat qildim. U ingliz tilini tushunmas ekan. Ispan tilida futbol iboralarini bilaman va unga nimanidir tushuntirishga harakat qildim. Umuman olganda, bir-birimizni tushundik.
— Bilishimcha, siz kartochkalar tarqatish tarafdori emassiz, boshidan futbolchilarga yaxshilikcha tushuntirishga harakat qilasiz va o‘zingizni birinchi o‘ringa qo‘ymaysiz.
— Futbolchilarni jazolashga emas, hamma narsaning oldini olishga harakat qilaman. Xuddi Robben bilan suhbatlashganim kabi hazil va do‘stona munosabat orqali. Lekin o‘yingacha barcha bilan ham gaplashmaymiz. Birinchi qoidabuzarlikdayoq barchaga bugun bunday holatga yo‘l qo‘yilmasligini tushuntirib qo‘yaman. O‘yin boshidan qanday me’yorni qo‘ysangiz, o‘yin shunday kechadi.
— Otangizning aytishicha, sizning hayotdagi shioringiz hamisha kamtar bo‘lib qolishdan iborat ekan. Lekin yulduz futbolchilar bilan qanday qilib inson kamtar bo‘lishi mumkin? Axir ularga ozgina bo‘sh kelsangiz, sizni “yeb” qo‘yishadi.
— Maydonda psixolog bo‘lishingiz kerak. Maydonga chiqqandan keyin sizning vazifangizdan biri — kim qanday fikrda, kim o‘yinga va sizga nisbatan qanday munosabatda ekanini bilishingiz kerak. Kerak paytda, kerakli ohangda futbolchilar bilan gaplasha olish kerak. Gretsiya — Argentina o‘yinida Karagunis bilan keskin ohangda gaplashgandim. Bu holat suratlari internet va matbuotda ko‘p chiqqan. U hamisha menga e’tiroz bildiraverdi. Bir marta sekin tushuntirdim, ikki marta gapirdim — foydasi bo‘lmadi. Unga jiddiy ohangda gapirganimdan keyin Karagunis hammasini tushundi va e’tirozlarni to‘xtatdi. Tajribali futbolchi, ammo unga imkoniyat bersangiz, haddidan oshib ketadi.
Umuman boshqarib bo‘lmaydigan futbolchi bilan esa hali to‘qnash kelmaganman. Barcha bilan til topishish mumkin.
— Balotelli va Pepe bilan-chi?
— Balotelli ishtirokidagi o‘yinni boshqarganman, hech narsa sodir bo‘lmagan. Pepe bilan hozircha to‘qnash kelmadik. Bir narsani tushunish kerak, ularning barchasi tirik insonlar. Agar siz har qanday insonni hurmat qilsangiz, ular ham sizni hurmat qiladi. Hakam — bu qirol degani emas, nima xohlasangiz, shuni qilishga haqqingiz yo‘q. Hakamning asosiy vazifasi — futbolchilar va futbolga yaxshi xizmat qilishdan iborat. O‘z mahoratimiz bilan futbolning yanada yorqin bo‘lishiga hissa qo‘shamiz.
“Yoshligimda hakamlarni yoqtirmasdim”
— Otangiz SSSR chempionatining qaysi musobaqasida hakamlik qilgan?
— Ikkinchi ligasida. O‘zbekistonda esa Oliy ligada ishlagan. U hakamlikni kech boshlagan, 40 yoshga yaqinlashganda bu ish bilan shug‘ullangan. Ungacha esa, asosan, bolalar murabbiyi sifatida faoliyat yuritgan. Hozir u mening asosiy tanqidchim. O‘yin yaxshi o‘tgan bo‘lsa ham, xotirjam bo‘lishimga yo‘l qo‘ymaydi. “Bu vaziyatda o‘ngroq turishing kerak edi, u yerda chaproq...”.
— Otangiz bilan har kuni gaplashasizmi? To‘rt yil avval ota-onangiz bilan birga yashashingizni o‘qib, hayron bo‘lgandim...
— Hozir ham birga yashaymiz. Biz, o‘zbeklar, hech qachon ota-onamizni tashlab qo‘ymaymiz. Bizning odatimiz va tarbiyamiz shunday. Farzandlardan biri ota-ona bilan birga yashaydi. Shu bois, ota-onam, ayolim va egiz farzandlarim bitta hovlida yashaymiz.
— Onangizning aytishicha, yoshligingizda ko‘p kasal bo‘lgan ekansiz va u siz bilan ikki oylab shifoxonada yotishiga to‘g‘ri kelgan paytlar bo‘lgan ekan.
— Ha. Yoshligimda qanday kasalliklarni boshdan kechirmaganman — sariq kasal, qizamiq, bolalarga xos bo‘lgan barcha kasalliklar bilan og‘riganman. Hamisha yonimda bo‘lgan onamga minnatdorchilik bildiraman. Ota-onamiz bizga yaxshi tarbiya berishgan, kattalarni hurmat qilishni o‘rgatishgan. Bugungi erishgan yutuqlarim — yoshligimda ota-onamning menga bergan tarbiyasi mahsulidir.
— Farzandlaringiz sizning kimligingizni, nima bilan shug‘ullanishingizni yaxshi biladimi?
— O‘g‘lim futbolni yaxshi ko‘radi va to‘rt yoshda bo‘lishiga qaramay, barchasini yaxshi tushunadi. JCh — 2014’ning Ekvador — Shveysariya o‘yinidan bir kun avval Skype orqali o‘g‘lim bilan gaplashdim va ertaga o‘yinda hakamlik qilishimni aytdim. O‘g‘lim esa “Dada, faqat yashil formangizni kiying”, — dedi. Tasavvur qiling, kechasi nazoratchi hakam kelib: “Ravshan, ertaga yashil formani kiyasan”, — dedi. O‘g‘lim to‘g‘ri topibdi. Yashil formada maydonga tushganimni ko‘rgan o‘g‘lim xursand bo‘ldi. “Dadamga yashil formada o‘yinni boshqarishini aytgandim, u aytganimni qildi”, — deb gapirib yurdi (kuladi).
— Darvoqe, Ekvador — Shveysariya o‘yinining qo‘shib berilgan daqiqalarida yevropaliklar qarshi hujumga o‘tayotgan paytda futbolchi maydon markazida yiqitildi. Ushbu vaziyatda barcha hakamlar jarima zarbasi belgilab, qoidabuzarga sariq kartochka ko‘rsatardi. Ammo siz kutdingiz, Shveysariya hujum qilishda davom etdi va g‘alaba to‘pini kiritdi.
— Bu 93-daqiqada ro‘y bergandi. Barcha charchagandi — futbolchilar ham, biz ham. Boz ustiga, o‘yin qoq peshinda, soat 13:00 da boshlangan edi. Kun juda issiq edi! Men bahsli vaziyatlarda hamisha futbol foydasiga qaror chiqarishga harakat qilaman. Ushbu vaziyatda esa Yaratganning o‘zi menga ko‘rsatma berdi, shekilli. To‘p bilan oldinga intilayotgan shveysariyalik futbolchi oldida bo‘shliq bor edi. Bu joyda boshqa ekvadorlik futbolchi bo‘lganida, hushtak chalishim mumkin edi. Lekin zona bo‘sh edi va kutishga qaror qildim. Shveysariyalik futbolchi yiqildi, o‘mboloq oshdi va keyin o‘rnidan turib, hujumni davom ettirdi. Bu — sezish qobiliyati.
Kuala-Lumpurda to‘rt daqiqa
— Tasmani yanada orqaroqqa aylantiramiz. To‘rt yoshlik paytingizda velosiped zanjiri to‘pig‘iningizni yirtib yuborib, qoningizni zaxarlagan ekan. Natijada oyog‘ingizning kesilishiga bir bahya qolgani rostmi?
— Ha, shunday bo‘lgan.
— Keyinchalik futbolchilik faoliyatingizni yakunlashingizda ushbu jarohat o‘z ta’sirini ko‘rsatganmi?
— Ha. Boldir suyagi va tovon suyagini bog‘lab turuvchi bo‘g‘in menda sustlashib qolgandi. U bir necha marta singan va ko‘p marta chiqib ketgan. Jarohat esa surunkaliga aylanib qolgandi. Har bir to‘qnashuv natijasida jarohat olardim. Shifokor menga futbolchilik faoliyatimni yakunlashim haqida aytganida shokka tushganman. Bunga tayyor emasdim. Yetti yoshimdan boshlab futbol bilan shug‘ullanib kelayotgandim, futbolni yaxshi ko‘rardim. Esimda bor, ushbu shok holatidan chiqib, do‘stlarimning o‘yinini tomosha qilish uchun stadionga borgandim. Ularning o‘yinini ko‘rib, ko‘zimga yosh kelgandi. Nahotki endi men o‘ynay olmayman? Qiyin payt bo‘lgandi. Lekin nimaiki bo‘lmasin, barchasi yaxshilikka. Xudoga shukr, agar futbolchi bo‘lganimda, ko‘p narsaga erisha olmasligim mumkin edi.
— Iqtidoringiz bormidi?
— Kelajagi porloq futbolchilardan biri edim. Hujumchi ortida o‘ynardim. Yaxshi uzatmalar berishni, sheriklarimni darvozabon bilan birga-bir vaziyatga chiqarishni yaxshi ko‘rardim. Yoshligimdan yetakchilik xususiyatim bor edi, jamoani ruhini ko‘tarib turardim.
— Hozir ham futbol o‘ynab turasizmi?
— Deyarli tavakkal qilmayman. Keskin to‘qnashuvlar bo‘lmasligini aniq bilsam, o‘ynashim mumkin. Men bilan kurashga kirishish mumkinmasligini barcha tushunadi.
— Hakam sifatida futboldagi qolipdan qanday qilib chiqib ketgansiz? O‘zbekiston terma jamoasi doimo JChga chiqishga yaqin kelmoqda, ammo Mundialning final bosqichiga chiqa olmayapti. Siz JCh — 2010 ochilish o‘yinida, yarim finalida hakamlik qilgansiz, rekord sohibiga aylandingiz.
— Omadim kelib, 2003-yil Finlyandiyada bo‘lib o‘tgan o‘smirlar o‘rtasidagi JChda ishladim. Bungacha ingliz tili va FIFAning o‘quv-materiallarini o‘rganib yurgandim. Lekin aynan o‘sha musobaqada xalqaro o‘yinlarni boshqaradigan hakamlarga qo‘yiladigan talablarni yaxshi tushunganman. Shundan keyin ishga bo‘lgan munosabatim to‘liq o‘zgargan: o‘yinga tayyorlanish, bahslarni tahlil qilish va tiklanish borasida professionalizm yuzaga kelgan. FIFAda dunyoning eng yaxshi instruktorlari mehnat qiladi. Bu holat yosh hakam uchun juda katta maktab vazifasini bajargan. Men o‘z ishimga hamisha jiddiy yondashganman, ammo havaskor darajada. Finlyandiyadan keyin hakamlikni kasb sifatida qabul qilganman. O‘yinlarga o‘zim istagandek emas, aniq reja asosida tayyorgarlik ko‘raman.
— Xalqaro faoliyatingizning ilk yilidayoq o‘smirlar o‘rtasidagi JCh o‘yinlarini boshqarish qanday tarzda amalga oshgandi?
— OFK o‘sha yili FIFAning yangi hakamlari uchun seminar tashkil qilgandi. Meni ham Kuala-Lumpurga taklif qilishdi. 20 ga yaqin hakamlar yig‘ilgandi. Besh kun davom etgan nazariy mashg‘ulotlar, ingliz tili kunlari, videotahlildan keyin bitta o‘yin o‘tkazilgandi. Har bir hakamga 4—5 daqiqadan ishlash uchun imkoniyat berildi. OFK hakamlar qo‘mitasi raisi suriyalik Farrux Buzo edi. Ushbu o‘yindan keyin u meni chaqirdi va men bilan ozgina suhbatlashdi. Avval nima ish bilan shug‘ullanganim, hakamlikni qachon boshlaganim bilan qiziqdi.
Uyga qaytganimdan keyin oradan bir kun o‘tib, Osiyo chempionlar ligasi chorak finaliga tayinlanganim haqida ma’lumot olganman! Bungacha O‘zbekistondan tashqaridagi birorta xalqaro o‘yinda ishlamagandim, xalqaro tajribam umuman yo‘q edi. Chorak final o‘yinlari esa guruh bosqichi ko‘rinishida Xitoyda bo‘lib o‘tgandi. Menga yarim final yo‘llanmasi uchun kechadigan hal qiluvchi o‘yinni topshirishgandi. Bu men uchun katta “syurpriz” bo‘lgandi, boisi, u yerda tajribaliroq hakamlar ham bor edi. Lekin barchasi yaxshi o‘tdi, men o‘z ishimdan maroqlandim. Ushbu musobaqada Buzoning o‘rinbosari, malayziyalik Abdulla Nazriy nazoratchilik qilgandi. Keyinroq Osiyo miqyosidagi yana bir musobaqada ishtirok etdim. Oradan 3—4 oy o‘tib esa o‘smirlar o‘rtasidagi JChga taklif qilishdi.
Siz tilga olgan qoliplar haqida gapiradigan bo‘lsam, boshida qiyin bo‘ldi, lekin vaqt o‘tgan sari barchasi o‘zgardi. 2007-yil JCh — 2010’ga nomzod hakamlar uchun birinchi seminar tashkil qilindi. O‘sha yili Kanadada bo‘lib o‘tgan yoshlar o‘rtasidagi JChda ishtirok etgan bo‘lsam, oradan bir yil o‘tib, klublar o‘rtasidagi JChning final uchrashuvini boshqardim.
— Yuqori saviyaga tezda moslashib oldingizmi?
— Barcha seminar va musobaqalarda YeChL, JCh va Yevropa chempionatini boshqargan hakamlar ishtirok etdi. Ularga qarab turib, biz ham ulardan kam emasligimizni his qildim. Faqat o‘z ustimizda ko‘p ishlashimiz kerak edi.
“Rossiya — 2018’da ham ishlashni orzu qilaman”
— JCh — 2010’da JAR va Meksika o‘rtasidagi ochilish o‘yinini boshqarishingizni eshitib, nimalarni his qildingiz?
— Bu narsa mutlaqo kutilmagan hol bo‘lgandi, boisi, biz JChdagi eng yosh hakamlar edik. Men bor-yo‘g‘i 32 yoshda edim. Ochilish o‘yini esa butun musobaqadagi hakamlik saviyasini belgilab berardi. Bizga hech kim ishonmagandi. Jahon futbol ommasi o‘yinni yuqori saviyada boshqarishimiz mumkinligiga ishonmadi. Mening shiorim bor va u hamisha mening yuragimda turadi. Prezidentimiz hamisha biz hech kimdan kam emasligimizni ta’kidlab keladi. O‘yingacha biz haqimizda birorta ham ijobiy fikr yo‘q edi. O‘yindan keyin esa faqat ijobiy fikrlar bildirildi. Turnir davomida barcha o‘z fikrini yaxshi tomonga o‘zgartirib bordi.
— Mezbonlarga yordam bermaslik qiyin bo‘lganmidi? Masalan, yaponiyalik hakam Yuichi Nishimura Xorvatiya bilan o‘yinda mezbonlarga yordam bergandi.
— Barcha bizga ishonchsizlik bilan qaragani ruhiy bosim yuklagandi. Boshqa hech narsa meni tashvishga solmagan. Men shunchaki sariqlar va yashillar o‘rtasidagi bahsni boshqarish uchun chiqdim. Uchrashuv paytida o‘yindan tashqari narsalarni unutaman va bor e’tiborimni o‘yinga qarataman. Hattoki vuvezalalar ham menga halal bermagandi, men ularni eshitmagandim!
— Argentina — Germaniya bahsidan keyin Diyego Maradona maydonga chiqib, hakamlar guruhining qo‘lini siqib qo‘ygani sizni hayron qoldirdimi?
— Ha. Jahon chempionati paytida barcha o‘yinlarni tomosha qilasiz. JARda ham, Braziliyada ham barcha 64 ta o‘yinlarni tomosha qilganman. Qaysidir o‘yinni boshqarishga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, o‘sha jamoa ishtirokidagi o‘yinlarni bir necha marta tomosha qilishga to‘g‘ri kelgan. Maradona hakamlarga ko‘p e’tiroz bildirishini bilardik. Uning hakamlarga minnatdorchilik bildirganini biror marta ham ko‘rmagandik. Kutilmaganda Argentina 0:4 hisobida yutqazganiga qaramay, Maradona bizning qo‘limizni siqib qo‘ydi. Argentinalik hamkasblarimiz ham bundan hayron bo‘ldi: “U hech qachon hakamlarga minnatdorchilik maqsadida maydonga chiqmasdi!”. O‘ziga xos xarakterga ega bo‘lgan futbol yulduzi, boz ustiga, jamoasi mag‘lub bo‘lgan o‘yinda hakamlarga minnatdorchilik bildirishi — bu juda yoqimli. Intizom va hurmatda namuna bo‘ladigan nemislar qo‘lingizni siqib qo‘yishini kutish mumkin, ammo Maradonaning harakati “syurpriz” bo‘lgandi.
— Braziliyada finalni sizga berishmagani uchun jahlingiz chiqmadimi? Siz finalni boshqarish uchun nomzodlar safida edingiz. Boz ustiga, hal qiluvchi o‘yinda Yevropa va Janubiy Amerika jamoalari to‘qnash keldi va unda “neytral” hakamning boshqarish ehtimoli yuqori edi.
— Bu haqda hattoki o‘ylamadim. Avval qit’alar bo‘yicha neytralikka ahamiyat qaratilar edi. Lekin Braziliyadagi musobaqaning boshidanoq bizga aytishdi — hakamlarning barchasi professional va endi hududiy neytralikka ahamiyat qaratilmaydi. Finalni boshqarish uchun nomzod hakamlar orasida bo‘lganimiz bizni quvontiradi. Takrorlayman, 10 yil avval kimdir: “Ravshan, sen JChda ishlaysan”, desa, men uni jinniga chiqarardim. Hozir esa bizni finalni boshqarish uchun nomzod hakamlar safiga kiritishmoqda. Bu juda ham yoqimli.
— Moskva — 2018 finalini boshqarishni istaysizmi?
— Rossiyadagi JCh yo‘llanmasini qo‘lga kiritishni istayman. Buning uchun sog‘lig‘im ko‘targancha harakat qilaman. Hozircha esa, Xudoga shukr, bu borada muammo yo‘q. Keyinchalik esa ko‘ramiz. Agar faqat final haqida o‘ylasangiz-u, lekin uni qo‘lga kiritmasangiz, jahlingiz chiqadi. Shuning uchun hozircha o‘z ishimdan maroq olishni istayman. O‘z ishingizdan maroqlansangiz, har qanday qiyinchilikni oson yengib o‘tish mumkin.
“Valentin Ivanov — jahondagi eng yaxshi instruktorlardan biri”
— JCh — 2014’da Rossiya — Jazoir o‘yinidan keyin Fabio Kapello turkiyalik Junayt Chaqirga aybni ag‘dardi. Bunday holatlarni eshitganingizda, hamkasbingizni himoya qilish ishtiyoqi paydo bo‘ladimi?
— Ko‘p holatlarda hakamlar sha’niga asoslanmagan ayblovlar yog‘iladi. O‘zini hurmat qilgan murabbiy, nazarimda, bunday qilmasligi kerak. Hamma o‘z ishi bilan mashg‘ul bo‘lishi lozim. Murabbiylar o‘z o‘yinlari va o‘z futbolchilarining harakatlarini tahlil qilishi lozim. Hakam ham inson. Uning ham futbolchi va murabbiy singari xato qilishga haqqi bor. Lekin Chaqir Rossiyaga qarshi qandaydir qaror chiqarganini yoki o‘yinining nazoratini qo‘ldan chiqarganini eslolmayman. Chaqir bexato ishladi.
— Kapello Angliya terma jamoasini boshqarganida JAR — 2010’da bu jamoaning Jazoirga qarshi bahsini boshqargandingiz. O‘shanda italiyalik murabbiy o‘zini qanday tutgandi?
— “Jentlmen”larcha. O‘yin paytida u hamisha hakamlarga hurmat bilan munosabatda bo‘ladi. Angliyaliklar zaxira o‘rindig‘i yaqinida yuzaga kelgan bir vaziyat yodimda qolgan. Fol uchun Angliya terma jamoasiga qarshi hushtak chalgandim. Kapello maydon chetida o‘yinni kuzatib turgandi. Shunda nigohlarimiz to‘qnashdi va u menga qarata bosh barmog‘ini yuqori ko‘tardi. U bilan bog‘liq hech qanday muammo kuzatilmagan. U jahon darajasida murabbiy.
— Jahon darajasidagi hakamlar borasida bizning mamlakatda muammo bor. 2006-yildan beri hech bir hakamimiz yirik musobaqalarda ishtirok etmadi. Sizningcha, rossiyalik hakamlarga nima yetishmaydi?
— Rossiya chempionatini ko‘p kuzatib bormayman. Faqat o‘zbek futbolchilari ishtirokidagi o‘yinlarni kuzataman. To‘qsoninchi yillarda mening sevimli o‘yinchilarimdan biri Andrey Pyatnitskiy (Igor Shkvirin va Mirjalol Qosimov bilan birgalikda)ning “Spartak”dagi o‘yinlarini kuzatardim. Qosimov uchun “Alaniya” o‘yinlarini tomosha qilardim. Men uchun ular afsona edi. Hozirda esa Odil Ahmedovning “Krasnodar”ini, Vitalik Denisovning “Lokomotiv”ini kuzataman. Bu yigitlarga juda yaxshi munosabatdaman.
Rossiyalik hakamlar orasida Timur Arslanbekov bilan yaqin munosabatdaman. Valentin Ivanov bilan anchadan beri tanishmiz. U JAR — 2010 va Braziliya — 2014’da instruktorlik qildi. Ivanov — jahonning eng yaxshi insruktorlaridan biri. Shuningdek, Nikolay Levnikov bilan 2007-yil Janubiy Koreyada ishlaganmiz. Lekin men hamkasblarimga hech qanday maslahat bermayman, boz ustiga, matbuot orqali. Hali men o‘zim maslahatga muhtojman va ustozlarimning maslahatlariga quloq solaman.
— Ivanovning aytishicha, o‘n yil davomida siz zarracha o‘zgarmagansiz va har bir o‘yinga jiddiy hozirlik ko‘ramiz. JAR — 2014’dan keyin nahotki boshingiz bir soniyaga bo‘lsa ham aylanmagan?
— Yo‘q. Boisi, agar bo‘shashsangiz, insonlarga siz haqingizda boshqacha gapirishlariga sabab berasiz. JChda yaxshi ishlab kelib, milliy chempionati o‘yinida qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ysangiz, “Manman bo‘lib qolibdi, avvalgidek ishlamayapti”, — deyishadi. Men esa insonlarda bunday fikr yuzaga kelishini istamayman.
— Rossiyada ishlash uchun sizga takliflar bo‘lganmi? Top-bahslarni boshqarish imkoniyatiga qanday qaraysiz?
— Takliflar bo‘lmagan. Men Osiyoning ko‘p mamlakatlaridagi debilarda ishlaganman. Masalan, Qatar va Saudiya Arabistonida. Rossiyadagi o‘yinlarni ham bajon-u dil boshqarishim mumkin.
— Sizda Yevropa chempionlari ligasini boshqarish imkoniyati yo‘qligidan afsuslanasizmi?
— Eh.... Bu futboldagi eng qiziqarli turnirlardan biri. Albatta, xohlardim. Lekin biz Osiyo chempionlar ligasi bahslarini boshqaramiz. Uch marta finalni boshqarganman.
— Yaqinda Vladislav Bezborodov darvoza ortidagi hakamlarsiz o‘yinlarni boshqarishni ma’qul ko‘rishini aytgandi. Siz-chi?
— Men Qatar chempionatida darvoza ortidagi hakamlar bilan ishlab ko‘rganman. To‘g‘risini aytsam, bu holat bosh hakamni bo‘shashtiradi. Darvoza ortidagi hakamga ishonishni boshlaysiz va keyin folga nisbatan qarashlaringiz turlicha bo‘lishi mumkin. Futbol — kontaktli o‘yin. Har bir to‘qnashuv fol emas. To‘qnashuvlarni juda nozik his qila bilish kerak. Shuning uchun bu borada qoida avvalgidek bo‘lib qolishini istardim.
— Videotakrorlar borasidagi fikringiz qanday?
— Bu borada o‘zgarishlarga roziman. Bosh murabbiylarga o‘yin davomida 1-2 marta videotakrorlarga murojaat qilish imkoniyati berilishi mumkinligi haqida o‘qidim. Agar FIFA buni qabul qilsa, bu hakamlar juda katta yordam bo‘lardi. Hakam ko‘rmay qolgan vaziyat uchun jamoalar jabr chekishini istamasdim.
— Braziliyada ilk marta qo‘llanilgan ko‘pik sizga yordam berdimi?
— Shubhasiz. Standartlar paytida yordam beradigan jihoz. Aniq chizilgan chiziq futbolchilarni tartibga soladi va muammolarga barham beradi.
“Vijdon hammasidan ustun”
— Sizning ma’lumotingiz iqtisodiy sohada va sport do‘konlari tarmog‘ingiz bor. Ularga vaqt ajrata olyapsizmi?
— 2007-yilda jahon chempionatini boshqarish uchun nomzod bo‘lganimdan buyon vaqtim kam bo‘lyapti, hatto oilamga ham. Kelajakda, ehtimol, faoliyatni tiklarman, ammo do‘konlar bilan do‘stlarim shug‘ullanmoqda. Hakamlikni tugatgunimcha shunday bo‘lsa kerak.
— Moliyaviy mustaqillik sizni qing‘irliklardan kafolatlaydimi?
— Bu fikrni ko‘p eshitganman, ammo menimcha, ko‘p narsa insonning o‘ziga bog‘liq. Uning tarbiyasiga, sha’niga. Mening yo‘lim har doim professional o‘sish bo‘lgan va men uchun vijdon — hammasidan ustun.
— Sizga kerakli natija uchun pul taklif qilishganmi?
— Xudoga shukur, bunday taklif bo‘lmagan. Menimcha, odamlar mening bu narsalarga qanday munosabatda ekanimni va hayotga qanday qarashimni bilsa kerak.
— O‘zbekistonda odamlar qiziqqon. Sizga biron narsa bilan tashlanishmaganmi? Hakamlar xonasiga kirishga harakat qilishmaganmi?
— Xudo saqlagan. Men tomoshabinlar bilan yaxshi munosabatdaman. Hatto maydonga mashq qilish uchun chiqsam ham muxlislar iliq kutib oladi.
— Siz O‘zbekistonda mashhur insonsiz. Sizni reklamalarga taklif qilishadimi?
— (biroz tortinib) Ha, ikkita reklama rolikda qatnashganman — telekommunikatsiya tarmog‘i va salqin ichimlik reklamasida.
— Yana necha yil maydonga hushtak bilan chiqmoqchisiz?
— Hammasi sog‘liqqa bog‘liq. Agar yuqori saviyada ishlay olmasligimni sezsam, tugataman. Yoshimdan qat’iy nazar. Faqat sezgimga qarab.
— Bolaligingizda nimani orzu qilgansiz va hozir nimani orzu qilasiz? Jahon chempionati finalini boshqarishmi, balki, Bokudagi stadionga Tofik Bahromov nomi berilgani kabi, stadionga nomingiz berilishini istarsiz?
— (kuladi) Bunaqa orzu qilmayman. Yoshligimda futbolchi, O‘zbekiston terma jamoasi o‘yinchisi bo‘lishni orzu qilar edim. Ammo bunday bo‘lmadi. Ammo jahon chempionatida ishtirok etish, albatta, boshqa rolda bo‘lsa ham nasib qildi. Endi esa, hamma insonlar kabi ota-onam sog‘ bo‘lishini, oilam va do‘stlarimning ishlari yaxshi bo‘lishini istayman.
— Demak, jahon chempionati finalini boshqarish nasib qilmasa, afsuslanmaysizmi?
— Keling, bu haqida gapirmaylik. Faoliyatimni tugatsam, suhbatlashamiz. Hozircha, Rossiyada o‘tadigan jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritishni orzu qilyapman.