Urganch shahrida shu yilning oktabr oyi oxirida Prezident Islom Karimovning 2014-yil 5-avgustda qabul qilingan farmoyishiga binoan “Orol dengizi mintaqasidagi ekologik ofat oqibatlarini yumshatish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tadi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.

Orol dengizi. Foto: “Daryo”

Orol dengizi. Foto: “Daryo”

Bugun Orolbo‘yi mintaqasini qayta tiklash muammolarini yengillashtirish, aholi salomatligi va genofondini saqlash, ekotizimlarni qayta tiklash va himoya qilish, aholining munosib hayot kechirishi uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratish dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda. Oktabr oyi oxirida Urganch shahrida “Orol dengizi mintaqasidagi ekologik ofat oqibatlarini yumshatish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish” mavzusida bo‘lib o‘tadigan xalqaro konferensiya kun tartibiga aynan shu masalalar kiritiladi.

Konferensiyaning asosiy maqsadi – Orol dengizi mintaqasida ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy ahvolni yaxshilashga qaratilgan dastur hamda loyihalarni amalga oshirish uchun xalqaro hamjamiyat mablag‘ va sa’y-harakatlarini safarbar etish, shuningdek, ekologik ofatning salbiy oqibatlarini kamaytirishga doir xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirishdan iborat.

Yalpi majlisda Orol dengizi muammolariga bag‘ishlangan videofilmni namoyish etish rejalashtirilgan. Unda, shuningdek, mintaqaviy loyihalarni amalga oshirish masalalalari muhokama etiladi. Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi Ijroiya qo‘mitasi vakillari, xalqaro tashkilotlar delegatsiyalari rahbarlari va donorlarning ma’ruzalari tinglanadi.

Bo‘lib o‘tadigan mazkur konferensiya to‘g‘risidagi batafsil axborot bilan maxsus www.aralconf.uz saytida tanishish mumkin.