Toshkent shahrida erkin, yunon-rum va ayollar kurashi bo‘yicha kattalar o‘rtasida o‘tkazilayotgan jahon chempionatida erkin kurash bo‘yicha musobaqalar nihoyasiga yetdi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi.

Foto: olamsport.com

Foto: olamsport.com

Mazkur musobaqalarda g‘oliblik uchun kurash olib borgan sportchilar orasida Olimpiada o‘yinlari hamda jahon va qit’aviy chempionatlar g‘olib va sovrindorlari ko‘pchilikni tashkil etdi. Bu esa, o‘z navbatida, har bir bellashuvni yanada murosasiz o‘tishini ta’minladi.

Sakkiz vazn toifasida o‘tkazilgan bellashuvlar yakunlariga ko‘ra, sovrindor bo‘lgan sportchilar orasidan o‘zbekistonlik Bekzod Abdurahmonov (-70 kg) ham o‘rin egalladi. Eslatib o‘tamiz, Bekzod chempionatning bronza medaliga sazovor bo‘lgan.

Erkin kurash bo‘yicha bo‘lib o‘tgan musobaqalarda beshta oltin va bitta bronza medalga sazovor bo‘lgan Rossiya terma jamoasi 62 ochko jamg‘arib, umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni band etdi. Eron terma jamoasi 45 ochko bilan ikkinchi, turkiyalik sportchilar 41 ochko jamg‘argan holda uchinchi o‘rinni egalladi. Erkin kurash musobaqalarida jami 14 davlat vakillari sovrinli o‘rinlarga sazovor bo‘ldi.

Bugun ayollar kurashi bo‘yicha bahslar boshlandi. Birinchi kun 48 kilogramm, 55 kilogramm, 60 kilogramm, 69 kilogramm vazn toifalarida saralash hamda final musobaqalari o‘tkaziladi.

Mazkur musobaqada O‘zbekiston sharafini Dauletbike Yakshimuratova (-48 kg), Sevara Eshmuratova (-55 kg), Salomat Kuchimova (-60 kg) va Aziza Sultonmurodova (-69 kg) himoya qiladi.