Rossiya AQSh va yana boshqa yettita davlatni Yadro quroli sinovlarini yalpi taqiqlash to‘g‘risidagi shartnoma (YaQSYaTSh)ga qo‘shilishga chaqirgan ko‘plab BMT davlatlaridan biri bo‘ldi. Bu haqda “ITAR-TASS” xabar berdi.

Aleksandr Pankin. Foto: atomic-energy.ru

Aleksandr Pankin. Foto: atomic-energy.ru

Yadro quroli tarqalmasligi va qurolsizlantirish bo‘yicha rejimning asosiy tarkibiy qismlari kuchga kirishi uchun uni yadro quroliga yoki uni yaratish imkoniyatiga ega bo‘lgan 44 ta davlat imzolashi va ratifikatsiya qilishi lozim. Bugungi kungacha faqat sakkiz mamlakat buni amalga oshirmagan. Bular AQSh, Xitoy, KXDR, Misr, Hindiston, Eron, Isroil va Pokistondir.

Yadro sinovlariga qarshi tadbirlar Xalqaro kuni munosabati bilan Bosh Assambleya maxsus majlisida nutq so‘zlar ekan, Rossiya Federatsiyasining BMTdagi doimiy vakili o‘rinbosari Aleksandr Pankin shartnomaga qo‘shilmagan sakkiz davlatning YaQSYaTSh taqdiri uchun “alohida javobgarlik”ka ega ekanini aytib o‘tdi. “Biz bu mamlakatlarni darhol va dastlabki shartlarsiz uni imzolash va ratifikatsiya qilishga chaqiramiz”, — dedi diplomat.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun ham sinovlarning taqiqlanishi yadroviy qurolsizlanishning “markaziy komponenti” ekanligini ta’kidladi. U shartnoma matni Bosh Assambleya tomonidan 18 yil avval tasdiqlanganini eslatib, uning hali ham kuchga kirmaganiga achinish bildirdi. U ham AQSh va qolgan yetti davlatni YaQSYaTShga qo‘shilish va barcha kuchlarni bosh maqsad — yadro qurolidan xoli tinchlikka erishishga yo‘naltirishga da’vat etdi.