Hozirda yangi tug‘ilgan chaqaloqlarga mashhur futbolchilar ismini berish urfga kirdi. Eng qizig‘i, ba’zan bolalarga futbolchilarning familiyalari ism sifatida beriladi, deb qayd etdi Championat.com.

Foto: championat.com

Foto: championat.com

Xususan, bundan bir necha kun avval farzandli bo‘lgan Argentina terma jamoasi ishqibozlaridan biri Ektor Varela o‘g‘liga Lionel emas, Messi deb ism berdi. Varela Messining muxlisi ekanligini aytib, boshqa bunday futbolchini ko‘rmaganligi va ko‘rmasligini qayd etdi. “Ko‘pchilik o‘zining o‘g‘liga Lionel deb ism bermoqda, biroq men uchun Messi varianti yaxshiroq. Ayolim bunday ism berishni mo‘ljallayotganimni bilgach, qarshilik qilmadi. U Messining insoniylik xislatlarini qadrlaydi. U bu qarorning to‘g‘riligiga shubha qilmadi”, — dedi Varela.

Farzandlarini futbolchilar familiyasi bilan atash holatlari Isroilda ham kuzatilmoqda. Jumladan, mazkur mamlakat termasida to‘p suradigan Beram Kayal o‘zining farzandiga Italiya terma jamoasi futbolchisi sharafiga Pirlo deb ism berdi.

Italiya terma jamoasi va “Parma” klubi o‘yinchisi Antonio Kassano ham Messining muxlislaridan biri ekanligini o‘g‘liga Lionel deb ism berish orqali namoyon qildi. “O‘g‘limni Lionel deb atadim. Biroq ayolim bundan xursand bo‘lmadi. Men Messini futbol tarixidagi muhim o‘yinchi deb hisoblayman”, — dedi Kassano. Kassanoning mazkur ishidan xabar topgan Messi omma oldida italiyalik hujumchiga minnatdorchilik bildirdi.

Xerard Pike va Shakiraning o‘tgan yil yanvar oyida dunyoga kelgan birinchi farzandiga Milan deb ism berilgan edi. Bundan xabar topgan “Milan”chilar: “Pike va Shakira, tabriklaymiz! Yangi tug‘ilgan chaqaloq uchun bundan-da yaxshi ism topa olmasdingiz!” — deb aytdi.

Belorussiyada istiqomat qiluvchi Ravan Razguliyev oilasida joriy yil boshida tug‘ilgan chaqaloqqa esa Braziliya terma jamoasining sobiq hujumchisi sharafiga Ronaldo deb ism berilgan. Shu tarzda chaqaloq Ronaldo Razguliyev degan ism-sharifga ega bo‘ldi.

Rossiyalik biatlonchi Sergey Chepikov esa farzandini Germaniya terma jamoasi o‘yinchisi Miroslav Kloze sharafiga Miroslav deb atadi. “O‘g‘lim o‘zining adashidan barcha yaxshi xislatlarni olib, kelajakda uningdek mashhur sportchi bo‘ladi, deb umid qilamiz”, — dedi Chepikov.

Bundan to‘rt yil avval Italiyaning “Yuventus” klubi yarim himoyachisi Felipe Melo o‘g‘liga Lineker deb ism bergan edi. Qisqa muddat ichida Britaniya OAVlarida “Melo farzandini Gari Lineker sharafiga nomladi” degan sarlavha bilan xabar tarqalgan. Biroq futbolchi bu ma’lumotni rad etgan. “Men bu g‘oyani ukamga shunday ism berishni istagan otamdan o‘g‘irlaganman. Men otamga ‘Ota, boshqa ism toping, men birinchi o‘g‘limni Lineker deb atamoqchiman’, — deganimda kichik bolakay edim”, — dedi Melo.

Eslatib o‘tamiz, yangi tug‘ilgan chaqaloqlarga mashhur futbolchilar ismini berish O‘zbekistonda ham kuzatilmoqda. Xususan, Xorazm viloyati Yangiariq tumanida 2014-yil iyul oyida tug‘ilgan chaqaloqqa Ronaldo deb ism qo‘yilgani haqida xabar bergan edik.

Bundan avval o‘zbekistonlik bolalarga Maradona, Bryus Li, Esmeralda, Jumong (o‘zbekcha Juman) kabi ismlarni qo‘yish holatlari qayd etilgan.