Yevropa Ittifoqi Rossiyaning “Rosneft”, “Transneft” va “Gazprom neft” yoqilg‘i-energetika kompaniyalarini qarz bilan moliyalashtirishni taqiqladi. Yangi sanksiyalarga uchragan kompaniyalar nomlari 12-sentabr, juma kuni Yevroittifoq Rasmiy jurnalida e’lon qilindi, deb yozadi “ITAR-TASS”. Sanksiyalar e’lon qilinganidan boshlab kuchga kirdi.

Foto: “ITAR-TASS”

Foto: “ITAR-TASS”

Shuningdek, YeI beshta Rossiya banklari — “Sberbank”, “VTB”, “Gazprombank”, “VEB” va “Rosselxozbank” uchun zayomlar va investitsiya xizmatlarini taqdim etishga cheklovlar kiritdi.

Bundan tashqari, Rossiyaning uchta eng yirik mudofaa konsernlari bo‘lmish “Uralvagonzavod”, “Oboronprom” va Birlashgan aviaqurilish korporatsiyasi uchun qarz bilan moliyalashtirishni tashkil qilish taqiqlandi.

Yevroittifoq sanksiya ro‘yxatiga Rossiyaning to‘qqizta mudofaa konsernlari kiritildi, ushbu kompaniyalarga 12-sentabrdan boshlab ikki vazifali Yevropa texnologiyalarini yetkazib berish man qilindi.

Rossiya va Ukraina uchun qora ro‘yxatga yana 24 ta ism-sharif qo‘shildi va undagi jami shaxslar soni 119 taga yetdi. YeI Rasmiy jurnalida berilishicha, “Rostex” korporatsiyasi rahbari Sergey Chemezov, “Donetsk Xalq Respublikasi” bosh vaziri Aleksandr Zaxarchenko, Vladimir Jirinovskiy, Gosduma spikeri o‘rinbosarlari Vasilyev, Melnikov, Lebedev, Levichev sanksiyalarga uchradi.

11-sentabr, payshanba kuni YeIning 28 davlati 12-sentabrdan Rossiyaga qarshi qo‘shimcha sanksiyalar joriy qilish haqida qaror qabul qildi.