Islom dinining 5-ruknini ado etish uchun Madinai munavvaraga yetib kelgan O‘zbekiston vakillari bu yerdagi ziyoratlarini ado etib, muqaddas shahar — Makkai mukarrama sari yo‘lga chiqmoqda. Ular Madinada ehrom bog‘lab, “Zulhulayfa” nomli joyda niyat qilgan holda talbiya aytib, maxsus tayyorlangan avtobuslarda Makkaga jo‘namoqda, deb xabar berdi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita.

Foto: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita

Foto: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita

O‘zbekistonlik ziyoratchilarning dastlabki guruhlari Makkadagi “Abroj masa Muhammadiya” mehmonxonasiga kelib tushdi. Bu yerda ularni ishchi guruh vakillari kutib olib, barcha shart-sharoitlar muhayyo qilingan xonalarga joylashtirdi.

Mehmonxonada erkaklar va ayollar uchun alohida tibbiyot markazlari tun-u kun ishlab turibdi. Birinchi tibbiy yordamni shu yerning o‘zida ko‘rsatish imkoniyati to‘la ta’minlangan. Har bir xonada konditsioner, muzlatgich, alohida yuvinish xonalari mavjud. Televizorlar orqali esa “O‘zbekiston” telekanali ko‘rsatuvlari yo‘lga qo‘yilgan. Oshpazlar milliy taomlar pishirib bermoqda.

Ushbu mo‘tabar shahardagi ko‘plab tashrif buyuruvchilar orasida ziyoratchilarning adashib qolmasliklari uchun ko‘krak nishonlari, maxsus tikilgan nimchalar va qo‘l tasmalari o‘zining naqadar foydali ekanini tasdiqlamoqda. Chunki ushbu belgilar butun musulmon ummatiga ma’lum va mashhur bo‘lgan Buxoro, Samarqand, Toshkent kabi shaharlardan ekanini ta’kidlab turadi.