IHS tadqiqotchilari iPhone 6 smartfonida ishlatilgan qismlar narxini hisoblab chiqdi. Bu LookAtMe ma’lumotiga asoslanib “Parol” nashri xabar berdi.

Unga ko‘ra, iPhone 6 smartfonining tannarxi 200–247 dollar bo‘lsa, iPhone 6 Plus’ning tannarxi esa 216–263 dollarni tashkil etadi. Bu narxlar gadjetning turli xil ichki xotira turlariga qarab o‘zgaradi. IHS tadqiqotchilarining fikricha, iPhone 6’ning tannarxi iPhone 5s’dan ko‘ra 5 dollar qimmat.

Foto: LookAtMe

Foto: LookAtMe

Quyida iPhone 6 smartfonlari uchun ishlatilgan qismlarning narxlari bilan tanishishingiz mumkin:

  • iPhone 6 displeyi – 45 dollar;
  • iPhone 6 Plus displeyi – 52 dollar;
  • Apple Pay to‘lov tizimining ishlashiga xizmat qiladigan NFC chip – 22 dollar;
  • A8 protsessori va M7 koprotsessori – 20 dollar;
  • 16 Gb xotira – 15 dollar;
  • Kamera – 11—13 dollar;
  • Akkumulyator (batareya) – 4—5 dollar.

Bunday holatda Apple kompaniyasi sotilgan iPhone 6 smartfonining 16 gigabayt xotirali turidan 69 foiz, 128 gigabayt xotirali turidan esa 70 foiz foyda ko‘radi. Shuningdek, Apple iPhone 5s’ning sotilgan narxidan 69 foiz, iPhone 5c’dan 68 foiz, iPhone 2G’dan esa 55 foiz foyda ko‘rgan.

Eslatib o‘tamiz, iPhone 6 smartfoni Apple Store internet-do‘konida 649–849 dollar, iPhone 6 Plus esa 749–949 dollardan sotilmoqda. O‘zbeksitonda iPhone 6 smartfonining 16 gigabayt xotirali turi 20-sentabrdan boshlab 5,5 million so‘m narxda sotila boshlagan.