O‘zbekistonda bola huquqlari va manfaatlarini ta’minlash masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri darajasiga ko‘tarilgan bo‘lib, bu borada davlat organlari hamda nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan tizimli ishlar olib borilmoqda.

Foto: UzDaily

Foto: UzDaily

Xususan, 2008-yilda O‘zbekiston tomonidan Xalqaro Mehnat tashkilotining bolalar mehnatiga oid 138 va 182-Konvensiyalari ratifikatsiya qilingan va mamlakat milliy qonunchiligi mazkur konvensiyalar talablariga moslashtirilgan bo‘lib, ular ijrosini ta’minlash yuzasidan Hukumat tomonidan qator qaror va dasturlar qabul qilinib, hayotga tatbiq etib kelinmoqda. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasida bolalar mehnati masalalari bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi kengash tuzilgan bo‘lib, bugungi kunda mazkur kengash belgilab olingan ustuvor yo‘nalishlarda o‘z ishini davom ettirmoqda.

O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi portali xabariga ko‘ra, ayni kunlarda Bolalar mehnati masalalari bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi kengash ish rejasiga muvofiq O‘zbekistonda bolalar mehnati bo‘yicha milliy monitoring o‘tkazilmoqda. Joriy yilning 18-sentabridan 25-oktabrigacha davom etishi rejalashtirilgan mazkur monitoringni o‘tkazish maqsadida mamlakat kasaba uyushmalari rahbarligida 8 ta territorial ishchi guruhlari tuzilib, ularga Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Kasaba uyushmalarining xotin-qizlar Kengashlari, hududiy nodavlat tashkilotlar vakillari jalb etildi. Shuningdek, ushbu monitoringda Xalqaro mehnat tashkiloti ekspertlari faol ishtirok etmoqdalar va ular tomonidan texnik ko‘mak ko‘rsatilmoqda.

Bugungi kunda joylarda qizg‘in davom etayotgan monitoringdan ko‘zlangan maqsad – O‘zbekistonda XMTning bolalar mehnatiga oid Konvensiyalari hamda ularga mos ravishda milliy qonunchiligimiz doirasida qabul qilingan me’yoriy hujjatlar, Hukumat Qarorlari ijrosini, shuningdek, umumta’lim maktablari, akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari davomatini o‘rganishdir.

Xuddi shu maqsadda milliy monitoringning dastlabki kunlari – joriy yilning 18—20-sentabr kunlari XMT ekspertlari Toshkent, Sirdaryo va Jizzax viloyatlariga tashrif buyurdi. XMT ekspertlari tomonidan o‘tkazilgan monitoring davomida terimchilarning ixtiyoriy ravishda ishtirok etayotgani, ularning sifatli oziq-ovqat bilan ta’minlanayotganligi, mehnat shartnomalariga muvofiq terimchilarga har 5 kunda ish haqi to‘lanayotgani, ish vaqti me’yorlariga qat’iy amal qilinayotgani, qator fermer xo‘jaliklari dalalarida paxta hosilining terim mashinalari yordamida yig‘ib olinayotgani, 18 yoshga to‘lmagan bolalarning terimda ishtirok etmayotgani, kasb-hunar kollejlarida o‘quvchilar davomatining to‘liq ta’minlanayotgani aniqlandi.

Hududlarda XMT ekspertlari ishtirokidagi milliy monitoring davom etmoqda.

Monitoring yakunlariga ko‘ra barcha hududlardagi o‘rganishlar natijasi umumlashtirilib, mamlakat milliy qonunchiligida bolalar mehnatiga oid me’yorlarni yanada takomillashtirish, bu borada XMT Konvensiyalarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilish bo‘yicha tegishli tashkilotlar va mahalliy hokimliklar uchun tavsiyalar ishlab chiqiladi.