Kecha, 23-sentabr kuni AKT Haftaligi doirasida, Toshkentdagi Xalqaro biznes markazida AKT Sammit 2014 – axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha sammit bo‘lib o‘tdi. Bu haqda UzDaily xabar berdi.

Foto: UzDaily

Foto: UzDaily

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) bo‘yicha sammit har yili O‘zbekiston hamda yaqin va uzoq xorijdagi o‘zaro aloqa va hamkorlik munosabatlarini o‘rnatish, AKT sohasidagi eng so‘nggi yutuqlar bilan tanishish va soha taraqqiyotiga oid dolzarb masalalar muhokamasidan manfaatdor bo‘lgan sohaning asosiy ishtirokchilarini bir joyga jamlaydi.

AKT Sammit 2014 da “Davlat sektorida AKT”, “Biznesda AKT”, “Internet va axborot resurslari” kabi uchta asosiy yo‘nalish bo‘yicha ma’ruzalar taqdim etildi. Sammit doirasidagi ma’ruzalarning asosiy mavzulari sohadagi boshqaruv siyosatidagi tendensiyalar va asosiy o‘zgarishlar, AKTni rivojlantirish milliy dasturlarini amalga oshirishdagi yutuqlar va muammolar, jamiyat hayotining turli yo‘nalishlarida AKTni tatbiq etish tajribalari, infratuzilma rivojlanishi va boshqa dolzarb masalalarni qamrab oldi.

Tadbir yakunida tavsiyalar va Sammit Rezolyutsiyasi qabul qilindi.

Bu yil AKT Sammit ishida O‘zbekiston, AQSh, Janubiy Koreya, Rossiya va boshqa mamlakatlardan kelgan 600 ga yaqin delegatlar qatnashdilar. Ular orasida BMT Taraqqiyot dasturi, Aloqa sohasidagi mintaqaviy hamdo‘stlik tashkiloti, KISA kabi xalqaro tashkilotlar, Microsoft, Softline International, LG kabi jahonning yetakchi kompaniyalari vakillari mavjudligi tadbirning xalqaro mavqeyi yuqori ekanligidan dalolat beradi.