Vaziyat o‘ta jiddiy holatda rivojlansa, 2015-yil yanvarining yakuniga qadar Ebola virusini yuqtirganlar soni 1,4 milliongacha yetishi mumkin. AQShning Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar vazirligi huzuridagi kasalliklar nazorati va profilaktikasi bo‘yicha markaz mutaxassislari shunday xulosaga keldi, deb xabar bermoqda “Segodnya”.

Foto: “RIA Novosti” / Aleksey Kudenko

Foto: “RIA Novosti” / Aleksey Kudenko

Hujjatda qayd etilishicha, Ebola virusini yuqtirganlarning haqiqiy miqdori Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti e’lon qilgan ko‘rsatkichdan taxminan 2,5 barobar ko‘pni tashkil etadi. Tashkilot bergan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Ebola bezgagi qurbonlari soni G‘arbiy Afrikada 2,8 mingga yetgan, yana 5,8 ming kishi esa virusni yuqtirib olgan. Biroq AQShning kasalliklar nazorati va profilaktikasi bo‘yicha markazi virusni yuqtirganlar soni 20 ming kishiga tengligi haqida xabar bermoqda.

Avvalroq AQShning kasalliklar nazorati va profilaktikasi bo‘yicha markazi Ebola virusini yuqtirganlar soni 2015-yil yanvarining yakuniga qadar 550 ming kishiga yetishi mumkinligi haqida ma’lum qilgandi. Markazning so‘nggi bayonnomasida esa tez tarqalayotgan virus tufayli to‘rt oydan so‘ng, aniqrog‘i, yanvar oyining so‘ngida Ebola virusini yuqtirganlar soni 1,4 millionga yetishi haqida xabar berildi.

Ma’lum bo‘lishicha, kasallik bilan og‘rigan deyarli barcha aholi uch davlat — Liberiya, Syerra-Leone va Gvineyada istiqomat qiladi.

Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hisob-kitoblariga ko‘ra, virusni yo‘qotish uchun bir milliard dollar atrofida mablag‘ ajratish lozim.

So‘nggi kunlarda olimlar oldida yangi xavotir paydo bo‘ldi. Ular virus o‘zgarib, nafaqat bemorlarning qoni va so‘lagi orqali, balki havo-tomchi yo‘li bilan ham tarqalishidan xavfsiramoqda.