Xitoyning ZTE kompaniyasi shu yilning dekabrida O‘zbekistonda 4—5 xil yangi modeldagi telefonlarni ishlab chiqarishni boshlamoqchi. Bu haqda UZTE kompaniyasi bosh direktori Xao Veyga tayanib, “Podrobno” ma’lum qildi.

Foto: Daryo

Foto: Daryo

“Yangi telefonlar Pengzhong Xingsheng O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma korxonasi bazasida Sirdaryo viloyatidagi mavjud liniyada yig‘ila boshlaydi. Barcha telefonlar raqobatbardosh xususiyatlarga ega bo‘lib, 200—300 dollar atrofidagi o‘rtacha narx segmentiga mo‘ljallangan bo‘ladi. Bugungi kunda liniyaning umumiy quvvati yiliga 150 mingta telefon ishlab chiqarishga teng bo‘lsa, shularning 40 foizini yangi modellar tashkil etishi rejalashtirilgan”, — deya ta’kidladi Xao Vey.

Kompaniya ishlab chiqarishni kengaytirishga 2 million dollar saflamoqchi. Bundan tashqari, noyabr—dekabr oylarida Toshkentdagi “Fleshka” majmuasida firma do‘konini ochish ko‘zda tutilgan, u yerda telefonlar va ularga mo‘ljallangan firma aksessuarlari sotiladi.

Ayni paytda UZTE savdo belgisi ostida to‘rt xil modeldagi smartfonlar ishlab chiqariladi, bular Grand V808, Grand M, Grand X Quad va Grand X II.

Eslatib o‘tamiz, korxona 2013-yil iyulda ochilgan, uning smartfonlari esa noyabr oyi oxiridan O‘zbekistonda sotila boshlagan edi.